AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonda ikki davlat vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan yangi muzokaralardan so‘ng Isroil va Livan o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish tartibi yana uch haftaga uzaytirilishini bildirdi. Bu haqda BBC News xabar bermoqda.
“Uchrashuv juda yaxshi o‘tdi! Qo‘shma Shtatlar Livanga o‘zini “Hizbulloh”dan himoya qilishda yordam berish uchun ushbu mamlakat bilan hamkorlik qiladi”, — deb yozdi Tramp ushbu qarorni Truth Social tarmog‘ida e’lon qilar ekan.
O‘tgan hafta Vashingtondagi uchrashuvdan so‘ng e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kelayotgan yakshanba, 26-aprel kuni yakuniga yetishi kerak edi. Undan ko‘zlangan maqsad Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida yetti haftadan ortiq davom etgan to‘qnashuvlarga chek qo‘yish bo‘lgan.
Tramp, shuningdek, yaqin haftalarda Livan prezidenti Mishel Aun va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Oq uyga tashrif buyurishini ma’lum qildi: “Ushbu tarixiy uchrashuv ishtirokchisi bo‘lish men uchun katta sharaf bo‘lardi!”
Oval kabinetda Tramp bilan birga bo‘lgan Livan elchisi Nada Hamada Moavad va Isroil elchisi Yexiel Leyter muzokaralardagi roli uchun Trampni olqishladi.
“Biz Livandagi ishlarni tartibga solish uchun ushbu mamlakat bilan birga ishlaymiz. Eron bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarimiz bilan bir vaqtda bu masalani hal qilish ajoyib ish bo‘ladi deb o‘ylayman”, — deya prezidentning so‘zlarida iqtibos keltiradi BBC. Tramp bir necha kun oldin Pokistonning iltimosiga binoan Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini tinchlik muzokaralari yakunlangunga qadar uzaytirganini ma’lum qilgan. U, shuningdek, AQSh Eron portlari blokadasini davom ettirishini bildirgan.
O‘z navbatida, Livan va Isroil bir-birini rejimni buzishda ayblamoqda. Payshanba kuni oqshom payti, Vashingtonda muzokaralar boshlanishi arafasida, “Hizbulloh” Isroil tomonidan “o‘t ochishni to‘xtatish tartibi buzilganiga” javoban Isroil shimoliga raketalar otganini ma’lum qildi. Isroil mudofaa kuchlari (IDF) esa uchirilgan raketalar urib tushirilganini bildirdi.
Chorshanba kuni esa Livanning janubida Isroil aviazarbalari oqibatida bir jurnalist halok bo‘lib, yana biri yaralangach, Livan Isroilni harbiy jinoyatlarda ayblagandi. Isroil mudofaa kuchlari jurnalistlar nishonga olinganini inkor etgan.
O‘tgan hafta Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuv Livan va Isroil uchun oxirgi 30 yil ichida ilk bor to‘g‘ridan to‘g‘ri, yuqori darajadagi muloqot bo‘lgandi.
Ma’lumot uchun, Isroil va “Hizbulloh” 2024-yil noyabr oyida avvalgi mojaroni tugatish uchun o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgandi, shundan so‘ng Isroil “Hizbulloh”ga aloqadorligi da’vo qilingan nishonlar va shaxslarga deyarli har kuni hujumlar uyushtirgan.
AQSh va Isroil 28-fevral kuni Eronga hujum qilib, Eron oliy rahnamosini o‘ldirganidan so‘ng “Hizbulloh” 2-mart kuni qasos sifatida Isroilga raketalar va dronlar uchirdi. Bunga javoban Isroil Livanni, asosan, janubiy hududlarni va Bayrutni havo zarbalari bilan bombardimon qildi. Isroil mudofaa kuchlari qo‘shinlari mart oyi boshida Livan janubiga qayta kirdi va Livan hududining 10 kilometrli (6,2 mil) qismini egallab turibdi.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi urush boshlanganidan beri Isroilning Livanga hujumlari oqibatida kamida 2294 kishi halok bo‘lgan. Qurbonlar orasida 274 ayol va 177 bola bor.
Isroil rasmiylariga ko‘ra, “Hizbulloh” hujumlari tufayli Isroilda ikki nafar tinch aholi vakili, Livandagi janglarda esa 15 nafar isroillik askar halok bo‘lgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Livan bo‘ylab bir milliondan ortiq odam — aholining qariyb beshdan bir qismi — so‘nggi to‘qnashuvlar tufayli o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Ularning aksariyati Isroil uylar va qishloqlarni vayron qilgan janubiy hududlardandir.
AQSh, Isroil va ko‘plab livanliklar “Hizbulloh”ning qurolsizlanishini talab qiladi, biroq hozircha tashkilot o‘z qurollarining taqdirini muhokama qilishdan bosh tortmoqda.
Livan prezidenti Aun esa qurolsizlantirish kuch ishlatish yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin emasligini aytib, zo‘ravonliklar kelib chiqishidan ogohlantirgan va buning uchun guruh bilan muzokaralar olib borish zarurligini aytgan.
Source: www.gazeta.uz