Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shveysariya Federal jinoyat sudi O‘zbekistonning sobiq prezidentining qizi Gulnora Karimovaga nisbatan pul yuvish ishi bo‘yicha jarayonni uning sudda ishtirok etishi imkonsizligi sababli to‘xtatdi. Bu haqda Swissinfo xabar bermoqda.

Sudyalar ishni tugatish haqidagi qarorni e’lon qilar ekan, ayblanuvchining Shveysariyaga kelishini ta’minlash uchun barcha imkoni bor qadamlar tashlanganini ta’kidladi. Xususan, 2024-yilning avgust oyida sud vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurib, Karimovaning jarayondagi ehtimoliy ishtirokini muhokama qilish uchun mamlakat Oliy sudi bilan uchrashuv o‘tkazgan, biroq bu natija bermagan. Xabarda aytilishicha, 2026-yilning yanvar oyida O‘zbekiston sudi tegishli so‘rovni uzil-kesil rad etgan.

“Shveysariya Federal jinoyat sudi tomonidan bugungi ishning mijozimiz Gulnora Karimova foydasiga to‘xtatilishi amalda Shveysariya huquqiga ko‘ra oqlovga tengdir”, — deb bayonot berdi uning advokati Gregoire Mangia Reuters agentligiga.

Shveysariya prokuraturasi Karimovaning “o‘ng qo‘li” va uning nominal vakili deb hisoblagan ikkinchi ayblanuvchiga nisbatan ham ish to‘xtatildi. Sud bu holatda ham protsessual to‘siq mavjud degan xulosaga keldi, biroq buning sabablari boshqacha.

Federal jinoyat sudi ayblanuvchi o‘ziga nisbatan chiqarilgan xalqaro hibsga olish orderlari tufayli Bellinsonadagi sud jarayoniga kela olmasligini aniqladi. Nazariy jihatdan u muhojirlikda bo‘lib turgan Rossiyadan kelishi mumkin edi, biroq 2022-yildan beri ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar mavjud emas. Ularning yaqin orada — hech bo‘lmaganda unga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha 2027-yil iyun oyida da’vo muddati tugagunga qadar — tiklanishi kutilmayapti.

Natijada u hibsga olinish xavfi mavjud bo‘lgan uchinchi davlat orqali kelishga majbur bo‘lardi. Sud uning da’vo muddati tugagunga qadar jarayonda ishtirok etishi imkonsizligini tan oldi, bu esa surishtiruvni davom ettirish uchun doimiy to‘siq bo‘lib xizmat qiladi.

Shu bilan birga, sud ishning bir qismi to‘xtatilishi jarayon yakunlanganini anglatmasligini ta’kidladi. Lombard Odier aktivlarining sobiq boshqaruvchisi va bankning o‘ziga nisbatan asosiy sud ishi davom etmoqda, chunki ularning ishtiroki uchun hech qanday to‘siq yo‘q.

Bundan tashqari, Karimovaga aloqador mablag‘lar masalasi ochiq qolmoqda. Sud ushbu mablag‘larni musodara qilish imkoniyati kelgusi tergov harakatlari doirasida ko‘rib chiqilishini qayd etdi.

Shveysariyada Karimova ishi bo‘yicha sirtdan sud jarayoni 27-aprel kuni boshlangandi. U pora olish, pul yuvish va The Office jinoiy tarmog‘iga rahbarlik qilishda ayblanmoqda. Tergov talqiniga ko‘ra, ushbu tarmoq orqali 2005−2012-yillarda yuzlab million dollar mablag‘ olib chiqib ketilgan bo‘lishi mumkin.

Prokuraturaning ta’kidlashicha, Karimova soxta shaxslar orqali Shveysariya banklarida 30 dan ortiq hisob raqamlari ochgan va mablag‘larning kelib chiqish manbasini yashirish uchun ular o‘rtasida noqonuniy pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan. Da’vo qilinishicha, mablag‘lar telekommunikatsiya kompaniyalaridan O‘zbekiston bozoriga kirish evaziga kelib tushgan.

Ishda, shuningdek, Lombard Odier aktivlarining sobiq boshqaruvchisi va bankning o‘zi ham ishtirok etmoqda. Ayblov talqiniga ko‘ra, Lombard Odier’ning sobiq boshqaruvchisi 2008−2012-yillarda turli o‘zbekistonlik benefitsiarlar uchun to‘qqizta hisob raqami ochgan, vaholanki, haqiqiy naf ko‘ruvchi Karimova ekanini bilgan. Soxta benefitsiarlar ko‘rsatilgan ushbu hisob raqamlari uning portfelining qariyb 90 foizini — 470 million Shveysariya franki yoki 599 million dollarni tashkil etgan.

Keystone-ATS agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, sud eshituvlari avvalida na Karimovaning o‘zi, na tergov tomonidan soxta shaxs deb topilgan uning sheriklaridan biri sudda ishtirok etmagan.

Sud jarayonni rivojlantirishning to‘rtta ehtimoliy ssenariysini belgilab berdi: eshituvlarni 4-mayga qadar qoldirish, surishtiruvni sirtqi tartibda davom ettirish, Karimovaga nisbatan ishni vaqtincha to‘xtatib turish yoki uni tugatish.

Advokatlarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda hibsda saqlanayotgan ularning himoyasi ostidagi shaxs jarayonda ishtirok etish niyatida, biroq bunday imkoniyatga ega emas. Shu munosabat bilan, himoya tomoni, jumladan, protsessual masalalarga oydinlik kiritish uchun surishtiruvni to‘xtatib turishni talab qildi.

Advokatlarning so‘zlariga ko‘ra, Gulnora Karimova o‘zboshimchalik bilan saqlanayotgani inobatga olinsa, 2028-yil dekabrida yoki undan ham oldinroq ozodlikka chiqarilishi mumkin.

O‘zbekistondagi sud hukmi bilan 2020-yilning martida Karimovaga 13 yilu 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir nechta jinoyat va hukmlar bo‘yicha jazo tayinlanganini inobatga olgan holda, jazoni o‘tash muddati 2015-yil 21-avgustdan boshlab hisoblanadi.

Karimovaga 2023-yil sentabr oyida Shveysariyada Rossiya telekommunikatsiya kompaniyasining O‘zbekistondagi shu’ba korxonasi sobiq bosh direktori bilan birgalikda ayblov qo‘yilgandi.

2024-yil noyabr oyida Shveysariya prokuraturasi, shuningdek, Lombard Odier xususiy bankiga va uning sobiq xodimlaridan biriga nisbatan ayblovlarni ilgari surdi. Tergov talqiniga ko‘ra, ular The Office faoliyatidan tushgan daromadlarni yashirishda “hal qiluvchi rol” o‘ynagan.

Lombard Odier bayonotida aytilishicha, prokuratura bankni pul yuvishda ongli ravishda ishtirok etgan deb da’vo qilmayapti. Bank pozitsiyasiga ko‘ra, gap ichki nazorat va qoidabuzarliklarning oldini olish tizimiga oid e’tirozlar haqida bormoqda, bank esa bunga rozi emas va sudda o‘z maqomini himoya qilish niyatida.

Gulnora Karimova 2015-yilda besh yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan, so‘ngra 2019-yilda koloniyaga o‘tkazilgandi. 2020-yilning martida u “davlat mablag‘larini o‘marish va O‘zbekiston manfaatlariga zid ravishda bitimlar tuzish, shuningdek, o‘zgalar mulkini tovlamachilik yo‘li bilan juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish faktlari bo‘yicha” yana 13 yilu 4 oyga ozodlikdan mahrum etilgan.

Fransiya, AQSh, Latviya va boshqa mamlakatlardagi Karimova hamda u rahbarlik qilgan jinoiy guruhga tegishli aktivlarning umumiy summasi qariyb 1,4 milliard dollarga baholanmoqda. O‘zbekiston ushbu mablag‘larni qaytarishga harakat qilmoqda.

2025-yil iyun oyida BMTning o‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar bo‘yicha ishchi guruhi Gulnora Karimovaning ozodlikdan mahrum etilishini xalqaro huquq me’yorlarining buzilishi deb topgan va O‘zbekiston hukumatidan unga tovon puli to‘lashni ta’minlashni talab qilgan. Hukumat esa unga nisbatan jinoyat ishlari qonunchilik me’yorlariga muvofiq ko‘rib chiqilganini bildirgan.

Source: www.gazeta.uz