Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) 7-may kuni o‘zining uchta raketa esminetsi Eron tomonidan “asossiz” hujumga uchraganini ma’lum qildi. Kemalar Hurmuz bo‘g‘ozidan Ummon qo‘ltig‘i yo‘nalishi bo‘ylab xalqaro suvlarda harakatlanayotgan vaqtda Eron raketalari, dronlari va kichik katerlari zarbasiga duch kelgan.

AQSh bunga javoban Eronning raketa va dron uchirish qurilmalari, qo‘mondonlik markazlari hamda kuzatuv obyektlariga zarbalar berdi. CNN nashrining o‘z manbasiga tayanib yozishicha, AQSh Eronning Keshm orolidagi porti va Bandar-Abbos shahriga zarbalar yo‘llagan.

Eron harbiy qo‘mondonligi esa AQShni o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzishda, Eron neft tankeri va yana bir kemaga zarba berishda, shuningdek, Hurmuz bo‘g‘ozidagi Keshm oroli va materikdagi yaqin atrofdagi sohilbo‘yi hududlarining fuqarolik rayonlariga havodan zarbalar yo‘llashda aybladi.

Reuters’ning ta’kidlashicha, eskalatsiya Vashington Tehrondan bir necha kun oldin Eron tomoniga topshirilgan urushni to‘xtatish haqidagi taklifiga javob kutayotgan bir paytda yuz bergan.

AQSh prezidenti Donald Tramp AQShning uch esminetsi Hurmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotganda hujumga uchraganini tasdiqladi, biroq ularga zarar yetmaganini bildirdi. U “eronlik hujumchilarga katta talafot yetkazilgani va ular butunlay yo‘q qilinganini” qo‘shimcha qildi.

“Normal mamlakat bu esminetslarni o‘tkazib yuborgan bo‘lardi, lekin Eron normal mamlakat emas. Ularni ahmoqlar boshqarmoqda va agar ularda yadro qurolini qo‘llash imkoniyati bo‘lganida, hech ikkilanmay buni amalga oshirgan bo‘lardi. Biroq ularda hech qachon bunday imkoniyat bo‘lmaydi va xuddi bugun ularga yana zarba berganimiz kabi, agar ular kelishuvni imkon qadar tezroq imzolamasa, yanada kuchliroq va shafqatsizroq zarba beramiz!” — deb yozdi Oq uy rahbari.

Biroq keyinroq Tramp jurnalistlarga ikki mamlakat o‘rtasidagi sulh o‘z kuchida qolayotganini ma’lum qildi. “Sulh davom etmoqda. U amal qilyapti”, — dedi u. AQSh prezidenti o‘zaro zarbalarni “muhabbat tarsakisi” deb atadi.

AQSh va Isroil 28-fevral kuni Eronga qarshi urush boshlagandi. Tehron deyarli darhol jahon neftining 15−20 foizi o‘tadigan Hurmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ydi. Keyinroq Vashington Eron portlari blokadasi boshlanganini e’lon qildi. 8-apreldan buyon AQSh va Iron o‘rtasida vaqtinchalik sulh amal qilmoqda, biroq tomonlar muntazam ravishda bir-birlarini uni buzishda ayblab kelmoqda.

Source: www.gazeta.uz