AQSh Milliy yadro xavfsizligi boshqarmasi (NNSA) Venesueladagi RV-1 tadqiqot reaktoridan barcha boyitilgan uranni olib chiqish operatsiyasini yakunlaganini ma'lum qildi.
NNSA mutaxassislari Venesuela ilmiy tadqiqotlar instituti ekspertlari bilan hamkorlikda 13,5 kg uranni xavfsiz tarzda olib chiqishdi. Operatsiya obyektga birinchi tashrifdan so‘ng olti hafta ichida amalga oshirildi.
Operatsiya Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan muvofiqlashtirilgan holda o‘tkazildi. Amerikalik mutaxassislar radioaktiv materialni maxsus konteynerga joylashtirib, may oyida dengiz orqali AQShga jo‘natishdi.
Konteyner Janubiy Karolina shtatidagi “Savanna-River” obyektiga yetkazildi. U yerda radioaktiv materiallar saqlanadi, zararsizlantiriladi va qayta ishlanadi. NNSA maʼlumotlariga ko‘ra, uranni yuqori konsentratsiyali past boyitilgan materialga aylantirish rejalashtirilgan.
NNSA rahbari Brendon Uilyamsning so‘zlariga ko‘ra, “Venesueladan barcha boyitilgan uranni xavfsiz olib chiqish dunyoga Venesuelaning tiklanishi va yangilanishi haqida signal bo‘ldi”. Uning taʼkidlashicha, Donald Tramp maʼmuriyatining yordami tufayli operatsiya bir necha oy ichida yakunlandi, odatda bunday loyihalar yillar davom etadi.
NNSA taʼkidlashicha, RV-1 tadqiqot reaktori o‘nlab yillar davomida ilmiy va yadroviy tadqiqotlar uchun ishlatilgan. 1991-yilda faol ekspluatatsiya tugaganidan so‘ng obyektda boyitish darajasi 20% dan yuqori bo‘lgan uran qolgan edi.
Source: kun.uz