Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘zbekistonlik askar Boqijon Akramovni fashistlardan yashirib, uning hayotini saqlab qolgan marhum Jon va Emili Le Bretonlar “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi. 6-may kuni O‘zbekistonning Londondagi elchisi Ravshan Usmonov ushbu mukofotni Jersi orolida oilaning farzandlari va nabiralariga topshirdi.

Mukofot topshirish marosimi Shiva Rok qariyalar uyida jamoatchilik va Britaniya OAV vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Tadbir ishtirokchilari mukofot Jersi orolining fashistlardan ozod etilganiga 80 yil to‘lishi arafasida topshirilganini ramziy voqea sifatida baholadi. Ular Le Bretonlar oilasi tarixi inson qadr-qimmati, o‘zaro ishonch va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik ramzi bo‘lib qolganini ta’kidladi.

Oila xotiralariga ko‘ra, “Tom amaki” deb chaqirilgan Boqijon Akramov mehribonligi va mehnatsevarligi bilan qisqa vaqt ichida oilaning yaqin insoniga aylangan. Le Bretonlar uni qariyb uch yil davomida fashistlardan yashirgan. 1945-yil may oyida esa u O‘zbekistonga qaytgan.

Marosimda so‘zga chiqqan oilaning o‘g‘li Alan Le Breton urushdan keyin tug‘ilganini, ammo ota-onasi va opasi o‘sha yillardagi og‘ir voqealar haqida ko‘p gapirib berishganini aytdi. “Ota-onamga berilgan yuksak mukofot uchun O‘zbekiston prezidentiga chuqur minnatdorlik bildiraman”, — dedi u.

Jersey Heritage tashkiloti xodimi, tarixchi Kris Eddi esa 2022-yilda tashkilot Jersi aholisiga murojaat qilib, urush yillarida sovet harbiy asirlarini yashirgan oilalar haqida ma’lumot to‘plashni boshlaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘rt yillik tadqiqotlar natijasida Boqijon Akramovning urushdan keyingi taqdiri haqida ham ma’lumotlar aniqlangan.

“Mana, bugun to‘rt yillik tadqiqotlar sharofati bilan biz Boqijonning urushdan keyingi taqdiridan xabardormiz. Bir necha hafta oldin uning uzoq umr ko‘rganini, 1996-yilda vafot etganini va o‘zidan keyin avlodlar qoldirganini aniqlashga muvaffaq bo‘ldik. Agar Le Bretonlar oilasining qahramonligi va jasorati bo‘lmaganida, asirlik dahshatlarini yengib o‘tish juda qiyin bo‘lardi. Bugun biz bu yerda katta tarixiy voqeani nishonlamoqdamiz. Boqijonga boshpana berib, uning hayotini saqlab qolgan marhum Jon va Filis Emili Le Bretonlarni taqdirlagani uchun O‘zbekiston prezidentiga chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz. Men bu voqeaning bir qismi bo‘lganimdan, ayniqsa, uning shunday ijobiy yakun topganidan xursandman”, — dedi tarixchi.

Uning ta’kidlashicha, 9-may — Jersi ozod etilganining 80 yilligi arafasida Le Bretonlar oilasiga berilgan mukofot orol aholisi ko‘rsatgan insonparvarlikka berilgan yuksak baho hisoblanadi.

Er-xotin haqida BBC 2022-yilda yozgan edi. Materialda aytilishicha, ular qutqarilgan odamni Tom deb atashgan. Jon va Fillisning nabirasi Kerolin Xornning aytishicha, u ular uchun oila a’zosidek bo‘lgan, ba’zi qarindoshlari esa hatto uni “sevimli amaki” deb atashgan.

Jon va Fillis Akramov haqida shunday degan edi: “Biz bu odamga ishonardik, u biz ishonishimiz mumkin bo‘lgan inson edi.” “Bolalar uni juda yaxshi ko‘rishardi. U ingliz tilini oz-moz tushuna boshlagach, ularga ertaklar o‘qib beradigan bo‘ldi”, — deydi Kerolin Xorn.

Uning qo‘shimcha qilishicha, agar uyga fashistlar bostirib kelsa, Akramov qochib ketishi uchun bir nechta yo‘lak va yashirin eshiklar oldindan kelishib qo‘yilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, urushdan so‘ng u boshqa orol — Gernsiga ko‘chib o‘tgan va shundan keyin u bilan aloqa uzilib qolgan.

Akramov kundalik yuritgan bo‘lib, uning sahifalari nusxalari La Mansh bo‘g‘ozidagi Normandiya orollari ichida eng yirigi bo‘lgan Jersi oroli merosini saqlash bilan shug‘ullanuvchi Jersey Heritage tashkilotiga topshirilgan. Jersi — Britaniya toji mulki hisoblanadi, biroq Buyuk Britaniya tarkibiga kirmaydi.

Source: www.gazeta.uz