Pokistonning shimoliy-g‘arbiy qismidagi Bannu shahrida jangarilar politsiya postiga avtomobil portlatib, keyin otishma ochdi. Natijada kamida 12 nafar politsiyachi halok bo‘ldi, bir kishi bedarak yo‘qoldi.
Hujum shanba kuni kechqurun Fateh Khel hududida sodir bo‘ldi. Mahalliy politsiya amaldori Muhammad Sajjad Xonning ma’lum qilishicha, xudkush terrorchi portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan mashinani postga urib, so‘ng bir necha jangari postga bostirib kirgan.
Voqea joyidan olingan suratlarda post vayronaga aylangani, g‘ishtlar, kuygan qoldiqlar va ezilgan mashinalar sochilib yotgani aks etgan. Ismi oshkor etilmagan bir ofitserning so‘zlariga ko‘ra, yordamga kelgan boshqa huquq-tartibot xodimlari ham pistirmaga uchragan.
Bannu ma’muriyati yuqori martabali amaldori AFP’ga bergan intervyusida jangarilar hujumda kvadrokopterlar va og‘ir qurollardan foydalangani, chekinayotganda esa politsiyachilar va qurollarni olib ketganini aytdi.
Bu hujum Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh Xaybar-Paxtunxva provinsiyasida kuzatilayotgan zo‘ravonlik to‘lqinining bir qismidir. Bannu uzoq vaqtdan beri jangari faoliyati markazi bo‘lib kelgan. Pokiston Afg‘onistonning Tolibon hukumatini jangari guruhlarga boshpana berishda ayblaydi, biroq Tolibon bu ayblovlarni rad etadi. So‘nggi oylarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashib, Pokistonning afg‘on shaharlariga havo hujumlarigacha borgan.
Source: www.dw.com