Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi fuqarolarni Eron urushi tufayli yuzaga kelgan global iqtisodiy tanglikka qarshi turish uchun iste'mol odatlarini o'zgartirishga chaqirdi. U 11-may kuni Telangana shtatining Haydarobod shahrida o'tkazilgan yig'ilishda yoqilg'i, o'simlik yog'i sarfini kamaytirish va xorijiy valyuta zaxiralarini tejash choralarini taklif qildi.
Modi fuqarolarni jamoat transporti va elektr avtomobillardan foydalanishga, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi davrida keng qo'llanilgan uydan ishlash tartibiga qaytishga undadi. U buni "milliy manfaat" va "davr talabi" deb atadi.
Bosh vazir, shuningdek, keraksiz xorijiy sayohatlarni, jumladan, to'y maqsadidagi safarlarni kechiktirishni va kamida bir yil davomida oltin sotib olishni cheklashni tavsiya qildi. Bu choralar xorijiy valyuta yukini kamaytirishga qaratilgan.
Modi "Vatanparvarlik faqat chegarada jon fido qilish emas, balki kundalik hayotda mas'uliyat bilan yashash va milliy burchlarni bajarishdir" dedi.
Hindiston dunyodagi uchinchi yirik neft importchisi va iste'molchisi bo'lib, ta'minot uzilishlariga qaramay, chakana benzin va dizel narxlarini oshirmagan kam sonli davlatlardan biridir. Biroq, suyultirilgan gaz narxi oshirilgan.
Source: www.dw.com