Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ukraina Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi (KQKMB) va Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuratura (KQIP) mamlakat prezidenti ofisining sobiq rahbari Andrey Yermakni 460 million grivna (taxminan 10,5 million dollar) miqdoridagi mablag‘larni legallashtirishda gumon qilmoqda. Bu haqda idoralar bayonotiga tayanib, “RBK-Ukraina” xabar bermoqda.

KQKMB va KQIP ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilda tarkibiga Timur Mindich va Ukraina sobiq bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Chernishov kirgan bir guruh tadbirkor va siyosatchilar Kiyev yaqinida shaxsiy yashash uchun to‘rtta xususiy qarorgoh sotib olishga kelishib olgan. Loyiha “Dinastiya” nomini olgan. Idoralar talqiniga ko‘ra, 2021−2025-yillar davomida qarorgohlarning bo‘lajak egalari va boshqa shaxslar qurilish davomida qariyb 9 million dollar mablag‘ni yuvgan.

Yermak jinoiy yo‘l bilan olingan mulkni legallashtirish (yuvish) moddasi (Ukraina Jinoyat kodeksining 209-moddasi 3-qismi) bo‘yicha gumonlanmoqda. Ushbu modda 8 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.

Yermak tergov harakatlari yakunlangunga qadar vaziyatga izoh berishdan bosh tortdi. “Dinastiya” kooperativida uyi bor-yo‘qligi haqidagi savolga Ukraina prezidenti ofisining sobiq rahbari shunday javob berdi: “Mening hech qanday uyim yo‘q, faqat bitta xonadonim va siz ko‘rib turgan mana shu bitta avtomobilim bor, xolos”.

Prezident ofisi ham izoh berishni istamadi. “Ko‘rib turganimizdek, protsessual harakatlar hali davom etmoqda, hozircha baho berishga erta”, — dedi prezident maslahatchisi Dmitriy Litvin.

Andrey Yermak Ukraina prezidenti ofisini 2020-yil fevral oyidan buyon boshqarib kelayotgan edi. U Vladimir Zelenskiyning yaqin safdoshi va Ukraina siyosatidagi eng nufuzli shaxslardan biri hisoblanadi. Zelenskiy Yermakni 2025-yil noyabr oyi oxirida, “Energoatom” davlat kompaniyasi atrofidagi yirik korrupsiya mojarosi avj olgan paytda lavozimidan bo‘shatgandi. KQKMB va KQIP ishi bo‘yicha prezidentning sobiq biznes-sherigi Timur Mindich va boshqa yuqori martabali ukrain mulozimlari figurantga aylangan.

Source: www.gazeta.uz