Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Filippin janubidagi Mindanao orolida 7,8 magnitudali kuchli zilzila yuz berdi. Birinchi yer silkinishi mahalliy vaqt bilan soat 07:37 da qayd etilgan bo‘lib, undan keyin bir qator aftershoklar kuzatilgan.

CNN nashrining rasmiylarga tayanib ma’lum qilishicha, zilzila Xeneral-Santos shahri va uning atrofidagi hududlarga zarar yetkazgan. Ushbu hududda 720 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Shikastlangan binolar orasida maktablar ham bor — aynan 8-iyun kuni Filippinda yangi o‘quv yilining ilk kuni boshlangan edi.

Kamida 19 kishi halok bo‘lgani va 200 dan ortiq kishi jabrlangani ma’lum. Associated Press agentligining xabar berishicha, yer silkinishlari balandligi 1 metrgacha bo‘lgan sunamini keltirib chiqargan va bu sohilbo‘yi hududlarida vayrongarchiliklarga sabab bo‘lgan. Halok bo‘lganlar soni, AP versiyasiga ko‘ra, kamida 32 kishini tashkil qilmoqda.

Zararning aniq ko‘lami aniqlanmoqda. Filippin prezidenti kichik Ferdinand Markos barcha davlat xizmatlariga zarur bo‘lgan joylarda aholini zudlik bilan evakuatsiya qilish va qutqaruv ishlarini boshlash haqida topshiriq berganini ma’lum qildi.

Markos, shuningdek, filippinliklarni sunami xavfi haqidagi ogohlantirishlarga bee’tibor bo‘lmaslikka chaqirdi. “Hoziroq balandlikka ko‘tariling. Kutib o‘tirmang. Sizning hayotingiz ortda qoldiradigan har qanday narsadan muhimroqdir”, — deya ta’kidladi u.

Filippin arxipelagi yuqori vulqoniy va seysmik faollik zonasida — Tinch okeani olovli halqasida joylashgan. Bundan oldingi kuchli zilzila paytida — 2025-yil 30-sentabrda Filippinda kamida 69 kishi halok bo‘lgan, bir necha yuz kishi jabrlangandi.

Source: www.gazeta.uz