Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

May oyi oxirida Albaniyada Affinity Partners investitsiya kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan, qiymati 1,4 milliard yevro (1,6 milliard dollar) bo‘lgan elita kurorti qurilishiga qarshi norozilik namoyishlari avj oldi. Reuters agentligining xabar berishicha, mazkur kompaniya AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerga tegishli.

Kurort Albaniyaning Adriatika sohilida, mamlakat janubidagi Vosa-Narta tabiatni muhofaza qilish zonasi yaqinida qurilishi rejalashtirilgan. Bu hudud flamingolar, tyulenlar va dengiz toshbaqalari yashaydigan suv-botqoqli yerlar hisoblanadi. Ekologlarning ta’kidlashicha, ushbu loyiha yuzlab gektarlik daxlsiz sohilbo‘yi hududlariga hamda har yili shu yerda uya quradigan va yaqin atrofdan uchib o‘tadigan minglab flamingolarga jiddiy zarar yetkazadi.

Norozilik namoyishlari bo‘lajak kurort hududiga qurilish texnikalari olib kelinganidan keyin boshlandi. Namoyishchilar Tiranadagi hukumat binosi oldiga qo‘llarida pushti rangli shishirilgan flamingo figuralari va loyihani to‘xtatish talablari yozilgan plakatlarni ko‘tarib yig‘ildi. Aksiya ishtirokchilari, shuningdek, Albaniya bosh vaziri Edi Ramani iste’foga chiqishga chaqirib, “Albaniya sotilmaydi!” deya baqirardi.

“Albaniya alban xalqiga tegishli va bu yerda nima qilishni o‘zimiz hal qilamiz. Albaniyani boshqarayotgan hech bir korrupsiyalashgan siyosatchi bizning mulkimiz, alban merosi, tabiiy va madaniy merosimiz bilan nima qilish kerakligini o‘zboshimchalik bilan hal qila olmaydi”, — dedi namoyishchilardan biri.

Albanian Daily News va Balkan Web nashrlari ma’lumotlariga ko‘ra, 7-iyun kuni Tiranada to‘qqizinchi norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Tashkilotchilar 10-iyun kuni butun mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli namoyishlar o‘tkazishga chaqirmoqda.

Albaniya rasmiylari loyihani qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu bilan birga, bosh vazir Rama kurortning ekologik baholash jarayoni hali yakunlanmaganini qayd etdi. “Vazifa flamingolarning boshidan beton quyish emas. Vazifa — rivojlanish va tabiat nafaqat birga mavjud bo‘la olishini, balki tabiat va rivojlanish bir-biriga muhtoj ekanini isbotlashdan iborat”, — dedi u.

Tanqidchilar esa, o‘z navbatida, bosh vazirni ushbu loyiha orqali Oq uyning e’tiborini qozonishga urinishda ayblamoqda. Mazkur loyiha o‘tgan yili Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga kirishishidan bir necha kun oldin ma’qullangandi.

O‘tgan hafta Albaniya Maxsus aksilkorrupsiya prokuraturasi (SPAK) kurort loyihasi yuzasidan tergov boshladi. Xususan, prokurorlar 2024-yilda Vosa-Narta zonasining muhofaza maqomiga kiritilgan va turizmni rivojlantirishga yo‘l ochib bergan o‘zgartirishlarni o‘rganmoqda.

Jared Kushner Albaniyada kurort qurishga sarmoya kiritish rejasini 2024-yildayoq e’lon qilgandi, 2026-yilning boshida esa rafiqasi Ivanka Tramp bilan ushbu hududga tashrif buyurdi. Affinity Partners kompaniyasi Serbiyada ham yirik loyihani amalga oshirishni rejalashtirgandi, biroq mahalliy aholining norozilik namoyishlaridan so‘ng undan voz kechdi.

Source: www.gazeta.uz