Yadro qurolini yo‘q qilish bo‘yicha xalqaro kampaniya (ICAN) hisobotiga ko‘ra, 2025-yilda dunyo bo‘yicha yadro quroliga sarflangan xarajatlar 119 milliard dollarga yetib, barcha vaqtlardagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.
ICANning seshanba kuni e’lon qilingan hisobotida aytilishicha, to‘qqiz yadroviy davlat o‘z arsenallariga o‘tgan yilga nisbatan qo‘shimcha 16,8 milliard dollar sarflagan. AQShning xarajatlari 69,2 milliard dollarni tashkil etib, boshqa barcha yadroviy davlatlarnikidan ko‘p bo‘lgan.
Xitoy 13,5 milliard dollar bilan ikkinchi o‘rinda, Buyuk Britaniya 12,6 milliard dollar bilan uchinchi, Rossiya 9,5 milliard dollar bilan to‘rtinchi, Fransiya esa 7,7 milliard dollar bilan beshinchi o‘rinda qayd etilgan. Hindiston, Pokiston, Isroil va Shimoliy Koreya esa 656 million dollardan 2,8 milliard dollargacha mablag‘ sarflagan.
ICAN ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida yadroviy davlatlar jami 471 milliard dollar sarflagan va ularning barchasi o‘z arsenallarini yana o‘nlab yillar saqlab qolishni rejalashtirmoqda. Tashkilot bu ortiqcha xarajatlarni global muammolarga, jumladan iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va urushlarning oldini olishga ajratiladigan mablag‘larning qisqarishi bilan solishtirgan.
Hisobot Stokgolm tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI)ning yadroviy davlatlar qurolsizlanish majburiyatlaridan voz kechayotgani haqidagi xabaridan bir kun keyin e’lon qilindi. 2017-yilda BMT yadro qurolini taqiqlovchi birinchi majburiy shartnomani qabul qilgan bo‘lsa-da, hech bir yadroviy davlat uni imzolamagan.
Source: www.aljazeera.com