Reuters agentligining xabar berishicha, amerikalik biznesmen Ilon Mask tarixdagi ilk trillioner maqomiga erishdi. Uning boyligi 12-iyun, juma kuni SpaceX kompaniyasining birlamchi ommaviy taklifi (IPO) savdolari boshlanganidan so‘ng 1 trillion dollardan oshib ketdi.
Biroq, boshqa nashrlar uning kapitalini ancha kamtarona baholamoqda. Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, sayyoraning eng boy odami boyligi hozirda 982,6 milliard dollarni, Bloomberg talqinida esa 971 milliard dollarni tashkil etadi. Mask kapitalining katta qismi aynan SpaceX kompaniyasida to‘plangan bo‘lib, hozirda bu ko‘rsatkich 866 milliard dollarga teng.
“Dunyoning ikkinchi eng boy odami [Larri Peyj] boyligi 300 milliard dollar atrofida tebranib turibdi, bu Mask ertaga potensial ravishda egalik qilishi mumkin bo‘lgan mablag‘ hajmining taxminan uchdan biridan ham kamroq demakdir”, — dedi Forbes Wealth bosh muharriri o‘rinbosari Mett Dyuro.
The Washington Post nashri SpaceX katta hajmdagi aksiyalar paketini sotuvga qo‘yganiga e’tibor qaratmoqda. Bu aksiyalar faqat kompaniya qiymatining ulkan darajada o‘sishi va uning Marsda insoniyat koloniyasini yaratish kabi eng ambitsiyali loyihalari amalga oshgan taqdirdagina o‘zini oqlaydi. Agar bu masalada muvaffaqiyatsizlikka uchralsa, Mask aktivlarining umumiy qiymati uni trillioner deb hisoblash uchun yetarli bo‘lmaydi.
Shuningdek, SpaceX IPO arafasida sezilarli zarar ko‘rganini, jumladan, 2023-yil boshidan buyon, asosan, o‘zini oqlamagan sun’iy intellekt sohasidagi loyihalar tufayli 13 milliard dollar yo‘qotganini ma’lum qilgan, deb eslatadi WP.
Bundan oldinroq Bloomberg investorlar SpaceX’ning birlamchi IPO’si doirasida aksiyalar olish uchun 100 milliard dollardan ortiq summaga ariza topshirishgani haqida xabar bergan edi. Kompaniya ushbu investorlar guruhiga mavjud aksiyalarning kamida 20 foizini ajratishi kutilmoqda.
SpaceX IPO’si AQShning NASDAQ birjasida 12-iyunga rejalashtirilgan, aksiyalarning joylashtirilish narxi esa bir dona qog‘oz uchun 135 dollarni tashkil etadi. U tarixdagi eng yirigiga aylanishi mumkin: kompaniya 75 milliard dollar jalb qilishni rejalashtirmoqda, bu 2019-yildagi Saudi Aramco rekordidan deyarli uch baravar ko‘pdir. Natijada kompaniyaning o‘z bahosi 1,75 trillion dollarni tashkil etishi mumkin. Agar joylashtirish shunday parametrlar bo‘yicha o‘tsa, Maskning SpaceX’dagi ulushi qiymati “qog‘ozda” sezilarli darajada oshadi, biznesmenning o‘zi esa tarixdagi ilk trillioner maqomiga yaqinlashadi.
Bundan oldinroq Saudiya Arabistoni, Quvayt va Qatar suveren fondlari SpaceX IPO’sida ishtirok etish uchun ariza topshirgani ma’lum bo‘lgandi. Ularning umumiy investitsiyalari bir necha milliard dollarni tashkil etgan.
Source: www.gazeta.uz