Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori Tedros Gebreyesusning 28 iyun kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotiga ko‘ra, 21 iyundan beri Yevropada jazirama issiq oqibatida 1300 dan ortiq kishi hayotdan ko‘z yumdi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa dunyodagi eng tez isiydigan qit’a hisoblanadi: bu yerda harorat global o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar tez oshmoqda. Hozirda 150 millionga yaqin odam haddan tashqari issiq sharoitida yashamoqda.

Tashkilot mutaxassislari termal stressni ko‘pincha “sokin qotil” deb atashadi. Yuqori o‘lim darajasining asosiy sababi infratuzilmaning tayyor emasligidir: turar-joy binolari, ish joylari va maktablar bunday uzoq muddatli ekstremal yuqori haroratlarga mo‘ljallanmagan.

Issiqlik epitsentri asta-sekin sharqqa siljimoqda. Ilgari harorat rekordlari Ispaniya, Fransiya va Buyuk Britaniyada qayd etilgan bo‘lsa, endi xavfli issiq Germaniya va Chexiyani qamrab olmoqda.

JSST ilgari “avlodda bir marta” hodisa deb hisoblangan issiqlik to‘lqinlari iqlim o‘zgarishi tufayli deyarli har yili sodir bo‘layotganini eslatdi. Tashkilot Yevropa davlatlarini aholini issiqdan himoya qilish rejalarini joriy etishga, sog‘liqni saqlash tizimlarini mustahkamlashga va ekstremal ob-havo hodisalariga tayyorgarlikni oshirishga chaqiradi.

Source: kun.uz