Avstraliya parlamentiga 29-iyun kuni 16 yoshga to‘lmagan shaxslarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish va internet-regulyator vakolatlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi yangi qonun loyihasi ko‘rib chiqish uchun kiritildi, deb xabar bermoqda Reuters.
Avstraliyaning eSafety onlayn xavfsizlik regulyatori tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlar fonida hukumat shunday qadam tashlashga majbur bo‘ldi. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Avstraliyadagi har 10 nafar voyaga yetmagan boladan yettitasi taqiq joriy etilganidan yarim yil o‘tib ham Facebook, Instagram, Snapchat va TikTok tarmoqlarida o‘z akkauntlariga ega bo‘lishda davom etgan.
Agar qonun loyihasi parlament tomonidan ma’qullansa, taqiq to‘g‘risidagi qonunga amal qilmaganlik uchun platformalarga solinadigan jarima miqdori ikki barobarga oshadi — 49,5 million Avstraliya dollaridan 99 million Avstraliya dollarigacha ($68,2 mln AQSh dollari) yetadi.
Bundan tashqari, internet xavfsizligi bo‘yicha vakil platformalarga egalik qiluvchi kompaniyalar direktorlar kengashi yig‘ilishlarining bayonnomalari va ichki elektron yozishmalar kabi hujjatlarni so‘rab olish vakolatiga ega bo‘ladi.
Kommunikatsiya ishlari bo‘yicha vazir Anika Uells kompaniyalarni talablarni qasddan bajarmaslikda va “nayranglar” ishlatishda aybladi. “Bugun Avstraliya ushbu kompaniyalarga shunday signal yo‘llamoqda: biz nima qilayotganingizni ko‘rib turibmiz, bu yerga o‘yin o‘ynash uchun kelganimiz yo‘q. Agar Avstraliyada biznes yuritmoqchi bo‘lsangiz, Avstraliya qonunlariga bo‘ysunasiz. Agar bunday qilmasangiz, oqibatlariga duch kelasiz”, — dedi u parlamentda qonun loyihasini taqdim etarkan.
Avstraliya bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni rasman butunlay taqiqlagan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. Qonun o‘tgan yilning dekabr oyida kuchga kirgandi. Unga ko‘ra, TikTok, Snapchat, YouTube, X, Facebook va Instagram kabi o‘nta eng yirik ijtimoiy platforma foydalanuvchilarning yoshini tekshirishi hamda 16 yoshga to‘lmaganlarning kirishini cheklashi shart. O‘shanda rasmiylar ushbu qonun bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning salbiy oqibatlaridan — qaramlikdan tortib, onlayn bullinggacha bo‘lgan tahdidlardan himoya qilishga qaratilganini ma’lum qilgandi.
Shunga o‘xshash chora-tadbirlar hozirda bir qator Yevropa mamlakatlarida, jumladan, Fransiya, Ispaniya va Daniyada ko‘rib chiqilmoqda. Kanada va Turkiya ham ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklashni rejalashtirmoqda.
Iyun oyida Buyuk Britaniya 16 yoshga to‘lmagan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni butunlay taqiqlashini e’lon qildi. BAA esa 15 yoshga to‘lmagan bolalarga platformalarda akkaunt yaratish yoki ulardan foydalanish, shuningdek, kontent joylashtirish, sharh qoldirish yoki guruhlarga a’zo bo‘lishni taqiqlagan birinchi arab davlati bo‘ldi.
Source: www.gazeta.uz