32 yoshli Falastin terma jamoasining sobiq darvozaboni Solim Xodir al-Ashqar o‘tgan hafta uyidan chiqib, homilador xotini uchun gaz ballon qidirgan vaqtda Isroil askarlari tomonidan otib o‘ldirildi. Uning jasadi G‘azoning Xon Yunis shahri yaqinidagi al-Qarara qishlog‘ida topilgan.
Falastin futbol assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil 7-oktabrdan beri Isroilning G‘azodagi genotsid urushida 1009 nafar sportchi halok bo‘lgan, shundan 567 nafari futbolchilar. Al-Ashqar bu qurbonlardan biri bo‘lib, u olti singlisi orasida yagona o‘g‘il farzand edi.
Al-Ashqarning amakisi, FIFA hakami Farid al-Ashqar: “U oddiy yigit edi, xotini va oilasi uchun gaz ballon olib kelishga chiqqan, ammo ishg‘olning xoin o‘qlari uni urdi”, dedi. U jahon futbol tashkilotlarini ikkiyuzlamachilikda ayblab, Falastin sportchilariga nisbatan sukunatni tanqid qildi.
Al-Ashqar yoshligidan darvozabonlikka mehr qo‘ygan va Falastin terma jamoasi darvozasini himoya qilishni orzu qilgan. U “Al-Aqsa”, “Shabob Xon Yunis”, “Al-Masdar” va “Xadamat Xon Yunis” klublarida o‘ynagan. Klub rahbarlari bilan shartnoma muzokaralarida u: “Menga pul kerak emas, men vatanimni himoya qiladigan futbolchi bo‘lishni xohlayman”, der edi.
“Xadamat Xon Yunis” prezidenti Abdulg‘ani ash-Shayx al-Ashqarning o‘limini “dahshatli va og‘ir zarba” deb atadi. “Sport harakatidagi har bir shahid statistik raqamdan oldin insoniy hikoyadir”, dedi u. Isroil bombardimonlari G‘azodagi sport infratuzilmasini, jumladan, “Xadamat Xon Yunis” stadionini ham vayron qilgan.
G‘azo futbol jamoasi urushga qaramay, o‘z ishtiyoqidan voz kechmayapti. Falastin futbol assotsiatsiyasi vayronalar orasida qolgan maydonlarda mahalliy turnirlarni tashkil qilishga muvaffaq bo‘ldi. Ash-Shayx: “Bizning xabarimiz faqat toshni qayta qurish emas, balki insonni qayta qurishdir. Shahidlarga sadoqat ular uchun yig‘lash emas, balki ular ishongan xabarni davom ettirishdir”, dedi.
Source: www.aljazeera.com