Xitoyning g‘arbiy Gansu provinsiyasidagi tog‘li hududda sodir bo‘lgan ko‘chki oqibatida kamida 16 kishi hali ham vayronalar ostida qolgan. Davlat teleradiokompaniyasi CCTV xabariga ko‘ra, dastlab 33 kishi ko‘chki ostida qolgan, ulardan 17 nafari muvaffaqiyatli qutqarilgan.
Xitoy rahbari Si Szinpin tabiiy ofatdan jabrlanganlarni qutqarish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etishni buyurgan. Ko‘chkining sababi hozircha noma’lum, biroq Xitoyda bu hafta kuchli momaqaldiroqli yomg‘irlar kuzatilmoqda.
Xitoyning Sinxua agentligi xabariga ko‘ra, markaziy Hubey provinsiyasining sharqiy qismida momaqaldiroqli yomg‘irlar oqibatida kamida sakkiz kishi halok bo‘lgan, yana bir kishi bedarak yo‘qolgan. Kuchli shamol va bo‘ronlar Xuanshi, Xuan'gan, Ezhou va Syanning shaharlariga zarba bergan, shamol tezligi soatiga 149 km ga yetgan.
Sinxua ma’lumotlariga ko‘ra, seshanba kuni ertalabgacha kamida 275 kishi jarohat olgan. Prognozchilar taxminan 200 million aholi yashaydigan mamlakatning turli hududlarida yana kuchli yomg‘irlar yog‘ishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Milliy meteorologiya markazi janubi-sharqiy Guan-Si va sharqiy Szansu, Shandun provinsiyalarida 260 mm gacha yog‘in bo‘lishi mumkinligi, bu esa ko‘chkilarni keltirib chiqarishi haqida ogohlantirgan. Shuningdek, mamlakatning shimoli-sharqiy va janubiy hududlarida tornadolar kutilmoqda.
Xitoy, shuningdek, Tinch okeani orqali Tayvanga qarab harakatlanayotgan "Bavi" super tayfunidan ogohlantirilgan. AQSh Milliy ob-havo xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, tayfun Guam, Tinian, Saypan va Rota orollaridan o‘tayotganda shamol tezligi soatiga 290 km ga yetgan.
Source: www.aljazeera.com