Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Angliya va Norvegiya o‘rtasidagi uchrashuvlar — shunchaki futbol emas, ular o‘z ichiga asrlar qa’riga borib taqaladigan har ikki davlatning madaniy kodlarini yashirgan. Vikinglar Britaniya orollariga ketma-ket bostirib kirib, o‘zlaridan keyin nafaqat nomlar va afsonalarni, balki o‘ziga xos yaqinlik va raqobat tuyg‘usini ham qoldirgan.

Masalan, bugungi kunda futbol janglari maydoniga aylangan “Stemford Brij” butunlay boshqa bir tarixiy jang xotirasini saqlaydi: 1066-yil 25-sentabrda Angliya qiroli Garold bu yerda Britaniyaga bostirib kirishga uringan Norvegiya qiroli Shafqatsiz Haraldni tor-mor etgan edi. Kechagi oqshomda esa ushbu qarama-qarshilik boshqa nomlar — Harri Keyn va Erling Holand ijrosida yangradi. Biroq Mayamidagi Hard Rock Stadium'da bo‘lib o‘tgan bahsning bosh qahramoni butunlay boshqa familiyali inson bo‘lib chiqdi.

Norvegiyaliklar uchun ingliz futboli o‘n yillar davomida deyarli din darajasiga ko‘tarilgan edi: 1960-yillarning oxiridan boshlab mahalliy NRK telekanali Tumanli Albion uchrashuvlarini muntazam ravishda namoyish etib kelgan va mahallalarda o‘sib ulg‘aygan butun bir bolalar avlodi o‘zlarini goh Kevin Kigan, goh Gari Lineker sifatida tasavvur qilgan. Qizig‘i shundaki, JCH-2026 ga qadar Angliya va Norvegiya terma jamoalari bor-yo‘g‘i 13 ta rasmiy uchrashuv o‘tkazgan bo‘lib, norvegiyaliklar ularning faqat ikkitasida g‘alaba qozongan. Kechagi oqshomgacha ularning eng mashhur bahsi 1981-yilda Osloda bo‘lib o‘tgan o‘yin edi. O‘shanda sharhlovchi Borge Lilleliyen o‘sha davrdagi Britaniya bosh vaziri Margaret Tetcherga qarata tarixga muhrlangan ushbu jumlani aytgandi: “Yigitlaringiz ta’zirini yedi!” Oradan 45 yil o‘tib, ushbu uchrashuv norvegiyaliklarga mana shu xitobni yana bir bor takrorlash imkoniyatini taqdim etgandi.

Raqiblarning o‘yin boshidagi kayfiyatidan kelib chiqilsa, ularning hech biri gollarga boy uchrashuv haqida o‘ylamayotgandi: inglizlar ham, norvegiyaliklar ham ochiq futbol o‘ynashni xayollariga ham keltirmadi. Bu nozik muvozanatni birinchi bo‘lib “sherlar” buzishga qaror qildi va o‘yin sharhlovchilarini bir futbolchining ism-sharifini tobora tez-tez tilga olishga majbur qildi — Jud Bellingem. Nihoyat, u yuqori tezlikni yoqib, Harri Keyn uchun xavfli standart vaziyat yaratdi va Eryan Nyuland darvozasi oldida ilk bor jiddiy xavf yuzaga keldi.

Norvegiyaliklar ham birdaniga uyg‘onib, Jahon chempionatiga birovning o‘yinini tomosha qilish uchun kelmaganini eslab qoldi. Skandinaviyaliklar ustozi Stole Solbakken vunderkind Antonio Nusani zaxirada qoldirib, chap qanotni Andreas Shelderupga ishongan holda jamoatchilikning tanqidiga uchrayotgan edi. Biroq aynan mana shu o‘zgarish o‘z so‘zini aytdi — u to‘pni uzatdimi yoki darvozaga zarba berdimi, hartugul to‘pni darvoza tomon yo‘lladi. Jordan Pikford esa voqealarning bunday rivojlanishini mutlaqo kutmagan edi. Natijada hal qiluvchi bahslarda ingliz darvozabonlariga xos bo‘lgan og‘riqli xatolar an’anasini davom ettirgan posbon to‘pni shunchaki ko‘zlari bilan kuzatib qo‘ydi — 0:1.

Ehtimol, o‘sha soniyalarda butun Angliya muzlab qolgandek edi, norvegiyaliklar esa tanaffusga hatto ikki to‘p farqi bilan yo‘l olishlari ham mumkin edi: Holand va Syorlot birgina himoyachiga qarshi ikkovlon chiqib bordi, biroq Madridning “Atletiko” klubi hujumchisi ortiqcha dramatik pauza qilib, aniq golli uzatmani juda cho‘zib yubordi. Oradan bir necha daqiqa o‘tib esa Bellingem bunday isrofgarchilikning oqibati nima bilan tugashini ko‘rsatib qo‘ydi. Elliot Andersondan uzatmani qabul qilib olgan Jud, qarshisidan chiqqan Torbyorn Heggemni payqamadi ham va to‘pni darvoza burchagiga aniq joyladi — 1:1.

Ikkinchi bo‘limda norvegiyaliklar ko‘rsatgan o‘yin basketbol atamalarini ishlatishga majbur qildi: maydon markazidagi platsdarmni qo‘lga kiritgan holda, ular havas qilgulik muntazamlik bilan qaytgan to‘plarga birinchi bo‘lib ega chiqdi. Navbatdagi burchak to‘pi inglizlar jarima maydonchasining haqiqiy qamaliga aylanib ketdi: Patrik Bergning zarbasidan so‘ng, qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib avvalgi vaziyatda xatoga yo‘l qo‘ygan Heggem yetib keldi. Faqatgina VAR tizimining aralashuvi Angliyani ikkinchi gol o‘tkazib yuborishdan qutqarib qoldi: fransuz hakami Kleman Tyurpen jarima maydonchasi ichida Holand qo‘llari bilan haddan tashqari faol yordam berib, qoida buzganini payqab qoldi.

Jahon chempionati oldidan jamoa tarkibini jiddiy ravishda yangilab yuborgan inglizlar ustozi Tomas Tuxel o‘tgan shanba kuni ham o‘ziga xos nemischa sinchkovlik bilan barcha ishlarni to‘g‘ri bajardi: yangi kuchlarni maydonga tushirdi, maydon markazini qayta qurdi, muvozanat izladi. Biroq uning norvegiyalik hamkasbi amalga oshirgan o‘zgarishlar o‘yin ritmiga juda mos tushayotgan edi. Kristoffer Ayer hatto darvoza to‘sinini ham poylab, ingliz muxlislarini eng yomon ssenariyga tayyorlanishga majbur qildi.

Biroq qo‘shimcha bo‘limlar norvegiyaliklardan haddan tashqari ko‘p kuch talab qildi. Bu shunchaki taktik charchoq emas, balki uzoq vaqt davomida og‘ir yukni ko‘tarib turgan va yakunda raqibga o‘z futbolchilarining yuqori mahorati evaziga g‘alabani ilib ketishga imkon bergan vaziyat edi. Agar Keynning jarima maydonchasiga yorib kirishi ish bermasa, u yerda xuddi “Kirish taqiqlanadi” belgisiga e’tibor bermay, o‘jarlik bilan boshqa yo‘l izlaydigan haydovchidek harakat qiladigan boshqa bir futbolchi bor — Jud Bellingem. Morgan Rojersning yo‘llagan zarbasi o‘ta xavfli ko‘rinmagandi, ammo Nyuland to‘pni to‘g‘ri o‘z oldiga qaytardi. Madridning “Real” klubi yarim himoyachisi esa butun Angliya uchun kerakli bo‘lgan pallada, kerakli joyda paydo bo‘ldi — 2:1.

Norvegiyaliklar, shubhasiz, futbol qonuniyatlarining xolisona emasligi haqida gapiradi va bunga to‘la asoslari bor. Bellingemning birinchi goli urilingan vaziyatda, to‘p Norvegiya darvozasi tepasidagi kamera-paukka tegib, harakat yo‘nalishini o‘zgartirgani bugun butun internet makonida muhokama qilinishda davom etadi. Ammo voqealar rivojini ham tajribali inglizlarga, ham bunga munosib bo‘lgan norvegiyaliklarga birdek yaxshi bo‘ladigan qilib qanday o‘zgartirish mumkin — buyog‘i endi mutlaqo noma’lum. Angliya jamoasi 15-iyul kuni Argentina — Shveysariya juftligi g‘olibiga qarshi bo‘ladigan yarim finalda omadni yana bir bor o‘z tomoniga og‘dirishga harakat qilib ko‘radi.

Gollar: Bellingem (45+2, 93) — Shelderup (36)

Angliya: Pikford, O'Rayli (Spens, 86), Gexi, Stouns, Konsa (Rodjers, 89), Anderson, Rays (Eze, 46), Gordon (Djeyms, 71), Bellingem (Bern, 111), Madueke (Saka, 46), Keyn

Norvegiya: Nyulann, Volfe (Pedersen, 90), Xeggem (Estigor, 91), Ayer, Ryuerson (Eursnes, 60), Berg, Berge, Edegor, Shelderup (Nusa, 68), Xoland (Strann Larsen, 106), Syorlot (Bobb, 68)

Ogohlantirish: Ayer

Source: www.gazeta.uz