2026-yil iyun oyi oxirida Yevropa mamlakatlarini qamrab olgan rekord darajadagi jazirama paytida 10 mingdan ortiq qo‘shimcha o‘lim holati qayd etildi. Bu haqda Reuters agentligi EuroMOMO o‘lim holatlarini monitoring qilish tizimi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Vafot etganlarning 9000 dan ortig‘i 65 yosh va undan kattalar bo‘lgan. EuroMOMO ishini muvofiqlashtiruvchi Daniya davlat zardoblar instituti bosh shifokori Lasse Vestergorning ta’kidlashicha, yilning ushbu davri uchun o‘lim ko‘rsatkichining bunday o‘sishi g‘ayrioddiy hisoblanadi.
“Bunday yuqori darajadagi qo‘shimcha o‘lim holatlarini ekstremal issiqlikdan boshqa biror narsa bilan izohlash qiyin”, — dedi u.
Statistika 22-iyundan 28-iyungacha bo‘lgan davrda Yevropaning 27 ta davlatini qamrab olgan bo‘lib, sababidan qat’i nazar barcha o‘lim holatlarini o‘z ichiga oladi. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bunday keskin o‘sishga olib kelishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lum omillar kuzatilmagan.
EuroMOMO alohida davlatlar bo‘yicha ma’lumotlarni keltirmagan, biroq iyun oyining so‘nggi haftasida Fransiya va Belgiya Yevropada “juda yuqori” darajadagi qo‘shimcha o‘lim holatlari qayd etilgan yagona ikki mamlakat bo‘lganini ta’kidlaydi.
Belgiyaning Sciensano jamoat salomatligi instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Belgiyadagi qo‘shimcha o‘lim ko‘rsatkichi 2000-yildan buyon kuzatilgan issiqlik to‘lqinlari davridagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Bundan oldin Yevropaning Copernicus iqlim xizmati 2026-yilning iyun oyi G‘arbiy Yevropada kuzatuvlar tarixidagi eng issiq iyun bo‘lganini xabar qilgandi. Oylik ko‘rsatkichlar Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburgda o‘rtacha darajadan 3−5 darajaga yuqori bo‘lgan.
Source: www.gazeta.uz