Germaniya kansleri Fridrix Merz yillik yozgi matbuot anjumanida koalitsiya hukumat “o‘z o‘rnini topgani” va “ijobiy natijalar” berganini ta’kidladi. Biroq, so‘rovnomalarga ko‘ra, nemislarning atigi 13-20 foizi hukumat faoliyatidan qoniqqan.
Merz pensiya, sog‘liqni saqlash va soliq sohalaridagi islohotlarni sanab o‘tdi. Pensiya tizimidagi o‘zgarishlarni “30 yil oldin qilish kerak edi” deb tan oldi va Shvetsiya, Daniya, Niderlandiya misollarini keltirdi.
Jurnalistlar AfD (Germaniya uchun muqobil) partiyasining kuchayishi haqida so‘rashdi. Merz dastlab javob berishdan qochdi, keyin esa saylovchilarga murojaat qilib, “ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarga ishonmang” dedi.
Gollandiyalik jurnalistning savoliga javoban, Merz “Germaniyada o‘ng ekstremistlarning hokimiyatga kelishi butunlay boshqa narsa” bo‘lishini ta’kidladi, mamlakatning natsist o‘tmishiga ishora qildi.
AQSh Davlat departamentining AfD bilan aloqador guruhlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 5 million dollar ajratish rejasi haqida so‘ralganda, Merz “biz AQSh saylovlariga aralashmaymiz va ular ham biznikiga aralashmasligi kerak” dedi. “Xorijdan siyosiy partiyalarni moliyalashtirish noqonuniy”, deb qo‘shimcha qildi.
Iqtisodiyot haqida Merz “ko‘p narsaga erishdik, ammo bu hali yetarli emas” deb tan oldi. AQShning tarif siyosati Germaniya iqtisodiyotiga “zarar yetkazganini” aytdi, ammo Trampni nomini tilga olmadi.
Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligi haqida Merz “kichik, ammo sodiq qadamlar” kerakligini ta’kidladi va “agar ishonchni yo‘qotsak, bu mamlakatlarni yo‘qotamiz” dedi.
O‘z-o‘zini tanqid qilish paytida Merz saylovoldi va’dasiga zid ravishda katta qarz paketini qabul qilganini “shaxsiy ishonchga og‘ir yuk” deb atadi.
Source: www.dw.com