Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Xitoy Kommunistik partiyasi Siyosiy byurosi doimiy qo‘mitasi a’zosi Van Hunin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi an’anaviy do‘stona va hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Van Hunin boshchiligidagi Xitoy delegatsiyasi 12-sentabr kuni Pxenyanga yetib kelgan edi. Bu tashrif Xitoy raisi Si Szinpinning iyun oyida Shimoliy Koreyaga amalga oshirgan tashrifidan keyingi ilk yuqori darajadagi uchrashuvdir.
Tahlilchilarning fikricha, Xitoy Shimoliy Koreya bilan munosabatlarni mustahkamlash orqali o‘zining an’anaviy ittifoqchisiga ta’sirini kuchaytirishga harakat qilmoqda. Ayniqsa, Pxenyanning Moskva bilan yaqinlashuvi fonida bu muhim ahamiyat kasb etadi.
Kim Chen In va Van Hunin Si Szinpin tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga kelishib oldilar. Xitoy rahbari o‘z tashrifi davomida Shimoliy Koreya bilan diplomatik, huquqni muhofaza qilish va harbiy sohalarda hamkorlikni kuchaytirishni taklif qilgan edi.
Kim Chen In uchrashuvda qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi an’anaviy do‘stona va hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish “barqaror siyosat” ekanligini ta’kidladi. Van Hunin esa Xitoyning “Kim Chen In boshchiligidagi koreys sotsializmi ishiga qat’iy qo‘llab-quvvatlashi hech qachon o‘zgarmasligini” bildirdi.
Tashrif davomida Xitoy delegatsiyasi Koreya urushida halok bo‘lgan xitoylik askarlar xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlikni, Mehnatkashlar partiyasi kadrlar tayyorlash maktabini hamda Kim Ir Sen va Kim Chen Irning jasadlari saqlanayotgan maqbarani ziyorat qildi.
Source: www.aljazeera.com