Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Peru milliy seysmologiya markazi maʼlumotlariga ko‘ra, poytaxt Lima sharqidagi tog‘li Junin hududida 5,1 va 3,7 magnitudali ikki zilzila sodir bo‘ldi. Halok bo‘lganlar soni kamida 5 kishini, yaralanganlar esa 21 kishini tashkil etadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan suratlarda uylar vayron bo‘lgani va qutqaruvchilar vayronalarni tozalayotgani aks etgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostida qolgan odamlarni qidirishda davom etmoqda.

Saylangan prezident Keyko Fuximori “Junindagi zilzila oqibatlaridan chuqur afsusdaman”, deb yozdi. “Vafot etganlarning oilalariga samimiy taʼziya bildiraman va jabrlanganlarga hamdardman.”

Peru milliy fuqaro mudofaasi instituti rahbari Luis Vaskesning aytishicha, dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, kamida 48 uy vayron bo‘lgan, 18 uy shikastlangan, 300 ga yaqin odam boshpana bilan taʼminlangan.

Exitosa radiostansiyasi rasmiylarga tayanib, besh o‘limni tasdiqladi. Reuters agentligi esa fuqaro mudofaasi rahbariga asoslanib, olti o‘lim haqida xabar berdi.

Limadan 300 km sharqda joylashgan Chupaka shahridagi uylar ko‘pincha xom g‘ishtdan qurilgan va qulashga moyil. “Zilzila uyimizni vayron qildi. Bu yerda ko‘plab xom g‘ishtli uylar qulab tushdi”, dedi Chongos Bajo aholisidan biri.

Peru Tinch okeanining “olov halqasi” deb ataladigan vulqon zonasida joylashgan bo‘lib, bu yerda dunyodagi seysmik faollikning 85 foizi sodir bo‘ladi.

Source: www.aljazeera.com