Norvegiyada 2011 yil 22 iyulda sodir etilgan eng yirik teraktning 15 yilligi arafasida, qurbonlar xotirasiga bag‘ishlangan yangi yodgorlik ochildi. O‘sha kuni neonatsist Anders Breivik Oslo shahrida bomba portlatib 8 kishini o‘ldirgan, so‘ngra Utoeya orolidagi yoshlar lagerida 69 nafar, asosan o‘smirlarni otib o‘ldirgan edi. Jami 77 kishi halok bo‘lgan, yuzlab kishilar yaralangan.
Yakshanba kuni Osloda ochilgan yodgorlik “Upholding” deb nomlanib, unda Utoeya oroliga xos qush tasvirlangan. 12 metr balandlikdagi tosh mozaikadan iborat asar muallifi Matias Faldbakkenning so‘zlariga ko‘ra, u qushni aynan o‘sha orolda ko‘rgan. Yodgorlikda barcha 77 qurbonning ismlari o‘yib yozilgan.
Yodgorlik ochilish marosimida Norvegiya valiahd shahzodasi Haakon, hukumat amaldorlari, qurbonlarning yaqinlari va omon qolganlar ishtirok etdi. Valiahd shahzoda, shuningdek, hujumlarga bag‘ishlangan milliy memorial va ta’lim markazi — 22 iyul markaziga ham tashrif buyurdi.
Qurbonlar va omon qolganlarni qo‘llab-quvvatlash guruhi rahbari Merete Stamneshagen, “2011 yil 22 iyuli nafaqat shaxslarga, balki demokratiyamizga ham shafqatsiz hujum bo‘ldi”, deb ta’kidladi.
2012 yilda Breivik 21 yilga qamalgan, ammo bu muddat uni xavfli deb topilgan ekan, uzaytirilishi mumkin. U bir necha bor jazo shartlariga e’tiroz bildirgan: 2016 yilda inson huquqlari bo‘yicha qisman g‘alaba qozongan, 2022 yilda esa shartli ozodlik so‘rovi rad etilgan. 2024 yilda u hukumatni izolyatsiya uchun sudga bergan, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchragan.
Source: www.bbc.co.uk