AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati xorijdagi konsulliklar orqali yashash uchun ruxsatnoma (Green Card) olishga ariza topshiradigan chet elliklar uchun 100 ming dollar atrofida garov puli joriy etish imkoniyatini ko'rib chiqmoqda. Bu haqda Wall Street Journal manbalarga tayanib xabar berdi.
Davlat departamenti ushbu taklifni Tramp ma'muriyatining cheklangan mablag'larga ega bo'lgan chet elliklar immigratsiyasini qisqartirish bo'yicha davom etayotgan sa'y-harakatlari doirasida ishlab chiqmoqda. WSJ suhbatdoshlarining so'zlariga ko'ra, garov pulining miqdori ko'rsatilgan summadan past ham, yuqori ham bo'lishi mumkin.
Davlat departamenti yangi mexanizmni sinov tariqasida kam sonli mamlakatlarda joriy qilmoqchi. Manbalarning ta'kidlashicha, rejaga ko'ra, arizachilar mablag'larni faqat AQSh fuqaroligini olganlaridan keyingina qaytarib olishlari mumkin bo'ladi, uni rasmiylashtirish jarayoni esa odatda kamida besh yil davom etadi.
Shu tariqa, garov puli Green Card egasi ko'chib o'tganidan keyin o'zini mustaqil ta'minlay olmay qolgan taqdirda AQSh hukumati uchun kafolat bo'lib xizmat qiladi. “Prezident Tramp Qo'shma Shtatlarga immigratsiya qilishni xohlovchilar moliyaviy jihatdan mustaqil bo'lishlari kerakligini aniq tushuntirib qo'ydi”, — dedi Davlat departamenti vakili Tommi Pigott.
U Immigratsiya va fuqarolik to'g'risidagi qonunda nazarda tutilgan vakolatlarni Davlat departamenti o'rganayotganini qo'shimcha qildi, bundan maqsad ayrim viza arizachilariga “o'zlarini ta'minlash uchun zarur bo'lgan mablag'lardan foydalanish imkoniyatiga ega ekanliklarini namoyish etish sifatida” garov puli to'lash majburiyatini yuklashdir.
May oyida AQSh rasmiylari Green Card uchun ariza topshirish qoidalarini qattiqlashtirgandi. Endilikda xorijliklar doimiy yashash uchun ruxsatnoma hujjatlarini faqat mamlakat tashqarisida topshirishlari kerak. “Iqtisodiy foyda” yoki “milliy manfaat” ifodalovchi shaxslar uchun istisnolar qilinishi mumkin.
Source: www.gazeta.uz