Hindistonning sharqiy shtati Jharkhanddagi Chaibasa tumanidagi Tirilbasa qishlog'ida FIFA Jahon chempionatiga bag'ishlab noyob futbol turniri o'tkazildi. "Rangila Star Tirilbasa" deb nomlangan ushbu musobaqada 64 ta qishloq jamoalari ishtirok etdi.
Turnirning asosiy o'ziga xosligi shundaki, g'olib jamoalarga pul mukofotlari bilan bir qatorda echkilar ham sovg'a qilindi. Finalda NCS Maudi jamoasi Kumbaramni 1:0 hisobida mag'lub etib, 15 000 rupiy (156 dollar) va uchta erkak echki (khassi) qo'lga kiritdi. Ikkinchi o'rin 12 000 rupiy va ikkita echki, uchinchi va to'rtinchi o'rinlar esa 9 000 rupiy va bittadan echki bilan taqdirlandi.
Turnir mahalliy Ho qabilasining an'analariga asoslangan. Ho xalqi uchun echki (khassi) diniy marosimlar va bayramlarning ajralmas qismi hisoblanadi. Tashkilotchilarning so'zlariga ko'ra, echkilar nafaqat sovrin, balki g'alabani butun qishloq bilan nishonlash imkoniyatini beradi.
Turnir qoidalari ham FIFA standartlaridan farq qiladi: har bir jamoada 11 emas, 9 o'yinchi bor, ofsayd qoidasi yo'q va o'yinchilar maydonning istalgan joyidan gol urishi mumkin. Jamoa a'zolari bir qishloqdan bo'lishi shart.
Ushbu turnir nafaqat futbol o'yini, balki qishloq aholisi uchun katta bayramdir. Tomoshabinlar daraxtlarga chiqib o'yinlarni kuzatadi, atrofda taom va ichimliklar sotiladi, kechqurunlari esa xo'roz tutish o'yinlari o'tkaziladi.
Chaibasa bir vaqtlar mavxistlar isyoni tufayli asosiy Hindistondan uzilgan edi. 2011-yilda hukumat nazoratni tiklaganidan so'ng, mintaqada sport rivojlana boshladi. Bugungi kunda bu yerda futbol tez rivojlanmoqda va mahalliy turnirlar yosh iqtidorlarni kashf qilishda muhim rol o'ynamoqda.
Source: www.aljazeera.com