Fransiyaning Jironda departamentida yuz bergan o‘rmon yong‘inlari tufayli 12 mingga yaqin kishi evakuatsiya qilindi. Mahalliy prefektura rahbari Sofi Brokasning ma’lum qilishicha, yong‘in Arkashon ko‘rfazi atrofidagi 2400 gektar maydonni yo‘q qilgan.
Evakuatsiya qilinganlarning aksariyati Lej-Kap-Ferre yarim orolidagi lagerlarda dam olayotgan sayyohlar bo‘lib, 10 ming kishi tun mobaynida ko‘chirilgan. Brokasning so‘zlariga ko‘ra, evakuatsiya “tinch” o‘tmoqda va hech qanday jarohatlanganlar yo‘q.
Jironda yong‘in xizmati rahbari Mark Vermyulenning ta’kidlashicha, harorat ko‘tarilishi va shamol kuchayishi bilan vaziyat murakkablashmoqda. “Ish tun bo‘yi to‘xtovsiz davom etdi. Shamol soat 20:00 da eng yuqori nuqtaga chiqadi, keyin esa oldindan aytib bo‘lmaydigan shamollar bilan kurashishga to‘g‘ri keladi”, dedi u.
Avvalroq Bordo aeroporti yaqinidagi yong‘inni o‘chirishda ikki o‘t o‘chiruvchi halok bo‘lgan edi. Fransiyaning janubi-sharqidagi Var departamentida evakuatsiya qilingan aholiga uylariga qaytishga ruxsat berildi, ammo yong‘inning qayta avj olish xavfi tufayli ehtiyot choralari saqlanmoqda.
Yevropada bir qator issiqlik to‘lqinlari kuzatilmoqda. Ispaniya va Italiyada ham yong‘inlar qayd etilgan. Madrid janubidagi Toledoda aholi evakuatsiya qilingan, Sitsiliyada esa bir o‘t o‘chiruvchi yong‘inni o‘chirish chog‘ida kasal bo‘lib vafot etgan. Kopernik Iqlim O‘zgarishi Xizmati hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda Yevropaning 95 foizida yillik harorat “o‘rtachadan yuqori” bo‘lgan va qit’a eng tez isiydigan qit’a sifatida tan olingan.
Source: www.bbc.co.uk