AQShning federal sudyasi Timoti J. Kelli Donald Tramp ma’muriyatining CNN, MS NOW va Politico nashrlariga Oq uyga kirishni taqiqlash qarorini vaqtincha to‘xtatdi. Sudya Kelli 14 kunlik vaqtinchalik cheklov qarorini chiqarib, ushbu OAV vakillarining Oq uydagi akkreditatsiyasini zudlik bilan tiklashni buyurdi.
Sudya Kelli qarorida ta’kidlanishicha, uchta nashr o‘z da’vosida g‘alaba qozonish ehtimoli yuqori, chunki ularning konstitutsiyaviy huquqlari, xususan, tegishli jarayon huquqlari buzilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, OAVlar akkreditatsiyadan hech qanday asossiz mahrum qilingan va bu ularga “tuzatib bo‘lmaydigan zarar” yetkazishi mumkin.
Sudya, shuningdek, Tramp ma’muriyatining milliy xavfsizlikni himoya qilish uchun taqiq qo‘yilgani haqidagi da’vosini rad etdi. “Javobgarlar o‘z xatlarida keltirilgan qaysi materiallar milliy xavfsizlikka zarar yetkazganini tushuntiruvchi hech qanday maxfiy yoki oshkora dalil keltirmagan”, — deyiladi sud qarorida.
OAVlar manfaatini himoya qilgan advokat Teodor Butrus qarorni “matbuot erkinligi, tegishli jarayon va qonun ustuvorligi g‘alabasi” deb baholadi. Oq uy esa hozircha bu qarorga munosabat bildirmadi.
Eslatib o‘tamiz, Tramp juma kuni CNN, Politico va MS NOW nashrlarini Oq uyni yoritishdan chetlashtirishni e’lon qilib, ularni “soxta yangiliklar” tarqatishda ayblagan edi. Dushanba kuni uch nashr birgalikda sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, taqiq ularning so‘z erkinligi va tegishli jarayon huquqlarini buzayotganini ta’kidlagan edi.
Source: www.aljazeera.com