Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Kongo Demokratik Respublikasining Tanganyika ko‘lida kemaning ag‘darilishi oqibatida kamida 41 kishi halok bo‘ldi, yana 49 kishi qutqarib olindi. Tanganyika provinsiyasi transport vaziri Norris Mulongoyining Associated Press agentligiga ma’lum qilishicha, qolgan yo‘lovchilarni topish uchun qidiruv ishlari davom etmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kema Mapera qishlog‘i yaqinida ag‘darilgan vaqtda bortida 100 ga yaqin yo‘lovchi va yuk bo‘lgan. Kema payshanba kuni Tanzaniyaning Kigoma portidan Kongoning Kalemie shahriga ketayotgan edi. Halokat sabablari hozircha noma’lum.

Omon qolgan yo‘lovchilardan biri Enni Moyonining BMT ko‘magida faoliyat yurituvchi Radio Okapi radiosiga aytishicha, yo‘lovchilar tungi soat 1 larda uyg‘onib, kemaning bir tomonga egilayotganini ko‘rgan. Keyin kema suvga cho‘kib ketgan.

Kongo Demokratik Respublikasida so‘nggi yillarda yuzlab odam kema halokatlarida hayotdan ko‘z yumgan. Kemalar ko‘pincha haddan tashqari yuklanadi va qutqaruv jiletlari yetarli bo‘lmaydi. AP ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda kema qatnovi eng arzon va qulay transport turi hisoblanadi, chunki 100 milliondan ortiq aholi uchun infratuzilma yetarli emas.

Bu Kigoma-Kalemie yo‘nalishida bir oy ichida ikkinchi halokatdir. 28-avgust kuni Kongoning MV Pacifique kemasi Kigoma portida yonilg‘i ortayotganda yonib portlagan. Radio Okapi port ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, olti ekipaj a’zosi halok bo‘lgan, yana biri bedarak yo‘qolgan. Iyul oyida esa markaziy Kongoda davlat imtihonlaridan qaytayotgan o‘quvchilarni olib ketayotgan yog‘och qayiq cho‘kib, kamida 20 kishi halok bo‘lgan edi.

Source: www.aljazeera.com