Oktyabr oyiga oʻtar kechasi Fransiyadagi yuzlab yirik supermarket tarmoqlarining sovutish tizimlari nomaʼlum hakerlar nishoniga aylandi. Bloomberg agentligining tarqatgan maʼlumotlariga koʻra, jinoyatchilar uskunalar ishiga aralashib, ularni majburiy muzdan xalos qilish rejimiga oʻtkazib yuborishgan, natijada doʻkonlar ulkan miqdordagi aynigan oziq-ovqat mahsulotlarini utilizatsiya qilishga majbur boʻlgan.
Intermarché tarmogʻini boshqaruvchi Groupement Mousquetaires vakillarining iddao qilishicha, ularning 150 ga yaqin doʻkoni mazkur kiberhujumdan jiddiy zarar koʻrgan. Xabarlarga koʻra, sovutgich va muzlatkichlar taxminan olti soat davomida +50 darajagacha qizib ketgan. Buning oqibatida goʻsht mahsulotlari, yarimfabrikatlar, muzlatilgan oziq-ovqatlar va sabzavotlar butunlay yaroqsiz holatga kelgan. Jabrlangan tomonlar ushbu holat uchun uskunalar boshqaruvini taʼminlagan Daniyaning Danfoss kompaniyasini ayblamoqda.
Shuningdek, hujum Coopérative U va Leclerc kabi yirik chakana savdo tarmoqlarini ham chetlab oʻtmagan. Coopérative U bosh direktori Dominik Shelsherning taʼkidlashicha, ularning yuzga yaqin doʻkoni ham shunga oʻxshash muammolarga duch kelgan. Yevropa mintaqasidagi infratuzilmaning raqamli himoyasi naqadar zaif ekanini koʻrsatib qoʻygan ushbu hodisa yuzasidan Danfoss vakillari vaziyatdan xabardor ekanliklarini va oqibatlarni bartaraf etishga harakat qilayotganini bildirishgan.
Danfoss vakili Lars Grubakning soʻzlariga koʻra, hakerlar tomonidan ayniqsa eskirgan dasturiy taʼminot modellari hamda boshqaruv tizimlari buzib kirilgan. Biroq, mutaxassislar taʼkidlashicha, shunchaki eskirgan texnologiyalar emas, balki kompaniya uskunalaridagi jiddiy zaifliklar sabab boʻlgan. Avgust oyida Team82 tadqiqotchilari aynan Danfoss kontrollerlaridagi xavfsizlik kamchiliklari haqida ogohlantirgan edi.
Source: kun.uz