ChatGPT ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan OpenAI laboratoriyasida jiddiy ichki xavfsizlik inqirozi yuzaga keldi. San-Fransiskodagi bosh ofis majlislar xonasida maxfiy eshitish moslamasi topilgach, kompaniyada muhandis bo‘lib ishlagan 35 yoshli Saudiya Arabistoni fuqarosi hibsga olindi. Texnologiya gigantlarida xavfsizlik choralari qay darajada zaif ekanini fosh qilgan ushbu holat bo‘yicha AQSH rejimi Federal qidiruv byurosi surishtiruv olib bormoqda.
AQSH rejimi Adliya vazirligi tomonidan San-Fransisko federal sudiga taqdim etilgan da’vo arizasiga ko‘ra, gumonlanuvchi shaxs maxsus USB moslamasini hojatxona qog‘oziga o‘rab, rahbariyat yig‘ilishlari o‘tkaziladigan xonadagi televizor ichiga yashirib qo‘ygan. Xodim ushbu xonadagi yig‘ilishlarda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lmaganiga qaramay, xona yaqinida bir necha bor shubhali tarzda ko‘rinish bergan. Shundan so‘ng o‘rnatilgan qo‘shimcha kuzatuv kamerasi uning yashirilgan moslamani tekshirayotganini aniq qayd etgan.
Kompaniya vakillarining da’vo qilishicha, ular o‘z sun’iy intellekt modellaridan foydalangan holda moslamaning kelib chiqishini va uni aynan kim o‘rnatganini tezda aniqlashgan. Shunga qaramay, mazkur holat AQSH sun’iy intellekt sanoatida ma’lumotlar sizib chiqishi va sanoat josusligidan himoyalanish tizimi qanchalik oqsab yotganini yana bir bor ko‘rsatib berdi. Rasmiylar hozircha model og‘irliklari, manba kodi yoki mijozlar ma’lumotlari o‘g‘irlanganiga doir dalillar yo‘qligini aytib o‘zlarini yupatishga urinmoqda.
Seshanba kuni sud oldida javob bergan muhandisga og‘zaki muzokaralarni noqonuniy ravishda ushlab qolish va elektron qurilmalardan josuslik maqsadida foydalanish bo‘yicha rasmiy ayblov qo‘yildi. Tergov materiallarida keltirilishicha, u kompaniya binolarining manzillari, uchrashuv xonalari sig‘imi va taqvimlari haqida oldindan ma’lumot yig‘gan. Voqea ortida qanday manfaatlar turgani va yozuvlar kimga mo‘ljallangani bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda.
Source: www.dw.com