Albaniya poytaxti Tirana shahrida yuzlab talabalar ta'lim sharoitlari va ijtimoiy muammolarga qarshi norozilik namoyishiga chiqdi. Namoyishlar shiddatli to‘qnashuvlarga aylanib, politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalanishga majbur bo‘ldi.
Ta'lim vazirligi binosi oldida yig‘ilgan namoyishchilar binoga g‘isht va beton bo‘laklarini o‘qqa tutib, mamlakat Bosh vaziri Edi Ramaning iste'fosini talab qilishdi. Talabalar tashkilotchilarining ta'kidlashicha, mazkur aksiyaning asosiy sabablari universitetlardagi og‘ir sharoitlar, yuqori ta'lim narxlari, moliyaviy yetishmovchilik va bitiruvchilarning kelajakdagi ish bilan ta'minlanish istiqbollari yo‘qligidir.
Politsiya bayonotiga ko‘ra, to‘qnashuvlar oqibatida kamida olti nafar xodim va bir nafar ayol jurnalist jarohat olgan, 23 kishi hibsga olingan. Huquq-tartibot idoralari namoyishchilarni hujumlarni to‘xtatishga chaqirgan bo‘lsa-da, ba'zi faollar politsiyachilarga qarshi molotov kokteyllari, feyerverklar va toshlar ishlatishda davom etgan.
Namoyishchilar mamlakatdagi tengsizlik va hukumatning iqtisodiy siyosatidan qattiq noroziligini bildirishdi. Ishtirokchilardan biri Luljeta Kolaning so‘zlariga ko‘ra, Albaniyaga tub o‘zgarishlar va tizimni to‘liq ag‘darish kerak, chunki boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi ijtimoiy jarlik juda chuqurlashib ketgan.
Albaniya Bosh vazirining o‘rinbosari Albana Kociu ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida zo‘ravonlik hech qachon yechim bo‘lmagani va bo‘lmasligini ta'kidlab, davlat mulkiga zarar yetkazish yoshlarning norozilik bildirish usuli emasligini yozdi. Biroq mahalliy kuzatuvchilar Tirana ko‘chalarida may oyidan beri davom etayotgan noroziliklar Yevropa hududidagi chuqur ijtimoiy-siyosiy inqirozdan darak berishini ta'kidlashmoqda.
Source: www.aljazeera.com