Turkiyada muxolifatga xayrixohligi bilan tanilgan Halk TV telekanali tahririyatida huquq-tartibot idoralari tomonidan keng koʻlamli tintuv tadbirlari oʻtkazildi. Mazkur jarayon ortidan telekanalning efir vaqtincha toʻxtatilib, uning faoliyati tashqi boshqaruvga berilgani e'lon qilindi. Hukumat idoralari bu choralarni telekanal rahbariga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi bilan izohlamoqda.
Deutsche Welle tarqatgan ma'lumotlarga koʻra, joriy yilning 14-oktabr kuni ertalab tahririyat binosiga terrorizm, uyushgan jinoyatchilik hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish maxsus boʻlinmalari xodimlari bostirib kirgan. Telekanal jurnalistlarining ta'kidlashicha, politsiya bino ichida qattiq tekshiruvlar boshlagan va xodimlarning oʻz ish joylariga kirishini keskin cheklab qoʻygan.
Rasmiy Anqara tomonidan Halk TV’ga vaqtincha boshqaruvchi sifatida Turkiya Omonatlarni sugʻurtalash jamgʻarmasi tayinlangani ma'lum qilindi. Endilikda telekanalning butun efir siyosati va moliyaviy faoliyati ustidan nazorat toʻgʻridan-toʻgʻri mazkur davlat tuzilmasi qoʻliga oʻtgan boʻlib, bu holat mustaqil matbuot erkinligiga jiddiy tahdid sifatida baholanmoqda.
Associated Press agentligining xabar berishicha, bosh prokuratura bu harakatlarni telekanal rahbari Jafar Mahiroʻgʻliga qarshi olib borilayotgan tergov harakatlari bilan bogʻlamoqda. Unga nisbatan pora olish, davlat tenderlarida firibgarlik sodir etish va jinoiy daromadlarni legallashtirish (pul yuvish) kabi ogʻir ayblovlar ilgari surilmoqda.
Tergov doirasida jami 17 nafar shaxsni hibsga olish uchun order berilgan boʻlib, xabar e'lon qilingan vaqtga kelib ulardan 11 nafari qoʻlga olingan. Ayni paytda Turkiyadan tashqarida boʻlgan telekanal rahbari Jafar Mahiroʻgʻli esa oʻziga qoʻyilgan barcha ayblovlarni qat'iyan rad etib, ularni «mutlaqo asossiz» deb atadi. U tahririyatdagi tintuvlar va kanalning tortib olinishini siyosiy sabablar va bosimlar bilan izohlab, hatto yetti nafar qarindoshi ham hibsga olinganini bildirdi.
dpa agentligi oʻz navbatida Halk TV muxolifatdagi Respublika xalq partiyasiga yaqin turishini va amaldagi Prezident Rajab Toyyib Erdoʻgʻan hamda uning Adolat va taraqqiyot partiyasining siyosatini muntazam tanqid qilib kelganini eslatib oʻtdi. Eslatib oʻtamiz, bundan bir yil muqaddam ham Turkiyada yana bir muxolif telekanal — Tele1 shunday usulda tashqi boshqaruvga oʻtkazilgan, uning bosh muharriri josuslik ayblovi bilan qamoqqa olingan edi.
Source: kun.uz