Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yaman hukumatiga yaqin kuchlar payshanba kuni Saudiya Arabistonining Madina shahriga qarab uchayotgan dronni hamda Ar-Riyod tomon otilgan raketani tutib qolganini da'vo qilishdi. Bu holat Yamandagi hukumat kuchlari va husiylar harakati o'rtasidagi shiddatli to'qnashuvlar yanada keskinlashgan bir paytda yuz bermoqda. Ikki tomon o'rtasidagi qarama-qarshilik mamlakatning g'arbiy Qizil dengiz sohillarida kuchayib, husiylarning qo'shni Saudiya Arabistonidagi neft ob'ektlari va aeroportlariga qarshi hujumlari kengayishiga olib keldi.

Husiylar harakatining harbiy vakili Yahyo Sariya chorshanba kuni ularning kuchlari Dahrondagi «Aramco» kompaniyasiga qarshi «yuqori sifatli harbiy operatsiya» o'tkazganini, shuningdek, Ar-Riyod aeroporti va poytaxtdagi neftni qayta ishlash zavodiga zarbalar berilganini ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, bunday amaliyotlar kelgusi kunlarda ham davom etib, Saudiya energetika infratuzilmasi va aeroportlarini nishonga oladi. Saudiya energetika vazirligi vakili Dahrondagi «Aramco» binosiga o'q tekkanini, buning natijasida «cheklangan yong'in» kelib chiqqanini, biroq qurbonlar yo'qligini tasdiqladi.

Shu bilan birga, Saudiya boshchiligidagi koalitsiya Yamanning poytaxti Sana shahrida joylashgan husiylar tayanch punktlariga havo hujumlarini uyushtirdi. Sana 2014 yildan beri qurolli guruh nazoratida bo'lib kelmoqda. 2022 yilda erishilgan sulh so'nggi oylarda butunlay barbod bo'ldi va mintaqada keng ko'lamli qonli to'qnashuvlar qaytadan boshlandi. Tahlilchilarning fikricha, urush hozirda «o'zaro zarbalar almashinuvi» tusini olib, poytaxtga poytaxt, aeroportga aeroport tamoyili asosida davom etmoqda.

So'nggi xurujlar Saudiya Arabistonining iqtisodiy barqarorligiga ham jiddiy putur yetkazmoqda. Ar-Riyod xalqaro aeroporti shanba kunigacha yopiq qolishi e'lon qilindi, qator aviakompaniyalar o'z reyslarini bekor qilishdi. Shuningdek, mamlakatda o'tkzilishi rejalashtirilgan yirik investitsiya konferensiyalari va xalqaro sport musobaqalari xavfsizlik sababli qoldirilmoqda. Yamandagi hukumat kuchlari Qizil dengizdagi muhim savdo yo'llari va Bab al-Mandab bo'g'ozini qaytarish uchun «Yaman tongi» nomli yirik qarshi hujum operatsiyasini davom ettirmoqda.

Source: www.aljazeera.com