Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Mashhur irlandiyalik yozuvchi Sally Rooney o'zining Falastin harakatini ochiq qo'llab-quvvatlagani sababli Britaniya rejimida kitoblari savdodan olinganini ma'lum qildi. Ushbu keskin qadam London ma'muriyatining mazkur guruhni terror tashkiloti deb e'lon qilgani ortidan yuzaga keldi va bu madaniy erkinliklar hamda so'z erkinligiga jiddiy putur yetkazayotgani aytilmoqda.

Yozuvchining nashriyoti Faber chorshanba kuni bayonot berib, Buyuk Britaniyadagi daromadlarni muallifga yetkazib berish imkonsiz bo'lib qolganini bildirdi. Faber vakillari bu holatni nashriyot uchun "kechirib bo'lmaydigan va adolatsiz vaziyat" deb atadi, biroq mahalliy rejim qonunlari barcha moliyaviy operatsiyalarni to'sib qo'yishga majbur qilmoqda.

Rooney BBC News nashriga bergan intervyusida o'z asarlarini nashr etishda davom etish Britaniya qonunchiligiga ko'ra "jiddiy jinoiy huquqbuzarlik" sifatida baholanishi mumkinligini iddao qildi. U o'z e'tiqodida qat'iy turishini, jamoatchilikka nisbatan doimo halol bo'lishga harakat qilganini va yuzaga kelishi mumkin bo'lgan barcha oqibatlarga tayyor ekanini ta'kidladi.

Britaniya rejimi Falastin harakatini 2025-yil iyul oyida taqiqlagan edi. Ushbu guruh faollari qirollik harbiy-havo kuchlari bazasiga kirib, Isroilning G'azodagi harakatlariga qarshi norozilik sifatida samolyotlarga qizil bo'yoq sepganidan so'ng, mamlakatda mazkur tashkilotni qo'llab-quvvatlaganlik uchun 14 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilgandi. Britaniya rejimining bu qarori jamiyatda katta noroziliklarga sabab bo'lmoqda.

Siyosiy doiralarda ham bu holatga nisbatan turlicha munosabatlar bildirildi. Xususan, mustaqil parlament deputati Jeremy Corbyn vaziyatni keskin tanqid qilib, bu holat mamlakatdagi adolatsizliklarni yaqqol ko'rsatishini, millionlab kitobxonlar o'z sevimli muallifining asarlaridan mahrum bo'layotgani Britaniya rejimi uchun "sharmandalik dog'i" ekanini ta'kidladi.

Source: www.aljazeera.com