Venesuela rahbari Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores Nyu-York sudyasi huzurida o'tkazilgan navbatdagi sud majlisida o'zlariga nisbatan e'lon qilingan qiynoqqa solish bo'yicha yangi ayblovlar yuzasidan o'zlarini aybsiz deb e'lon qilishdi. Mazkur shubhali ayblovlar o'tgan hafta keng jamoatchilik uchun oshkor qilingan edi. Eslatib o'tamiz, Maduro va uning rafiqasi yanvar oyida Karakas shahrida AQSh harbiylari tomonidan amalga oshirilgan maxsus operatsiya natijasida o'g'irlab ketilib, Nyu-York shahriga olib kelingan va o'shandan beri hibsda saqlanmoqda.
Oldinroq AQSh rejimi prokuraturasi ularga nisbatan narkoterrorizm, kokain kontrabandasi va qurol-yarog' saqlash kabi og'ir bandlar bo'yicha da'volar kiritgan edi. O'shanda Maduro sud majlisida qisqacha nutq so'zlab, o'zining mutlaqo begunoh ekanini, munosib fuqaro va hanuzgacha o'z mamlakatining qonuniy rahbari ekanini ta'kidlagan hamda bu holatni ochiqdan-ochiq o'g'irlik deb atagan edi. Shunga qaramay, AQSh rasmiylari o'zlarining shubhali iddaolarini davom ettirib, juftlikni so'nggi yigirma yil davomida og'ir jinoyatlarga qo'l urganlikda ayblamoqda.
AQSh rejimining prokurori Jeymi Makdonaldning so'zlariga ko'ra, go'yoki Maduro va Flores mamlakatda qiynoq tizimini nazorat qilgan va bu usullar siyosiy raqiblarni bostirish hamda giyohvand moddalarsavdosiga to'sqinlik qilishi mumkin bo'lgan shaxslarni yo'q qilish uchun qo'llanilgan. Yangi ayblov xulosasida Maduro muayyan shaxslarni nishonga olishni buyurgani va hatto qiynoq texnikalarini, jumladan, uyqudan mahrum qilish yoki mahbuslarning ustiga suv quyish kabi usullarni o'zi tavsiya qilgani iddao qilinmoqda.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, Venesueladagi hokimiyat o'zgarishi va Maduroning majburan olib ketilishidan keyin mamlakatni vaqtincha boshqarib kelayotgan Delsi Rodriges dastlab AQShning bu xatti-harakatini noqonuniy o'g'rilik deb atagan bo'lsa-da, keyinchalik Vashington siyosiy doiralari bilan yaqinlashib, davlat neft sanoatini xorijiy kompaniyalar uchun ochish choralarini ko'ra boshlagani mintaqadagi vaziyatni yanada chigallashtirmoqda.
Source: www.aljazeera.com