Hindistonda yana bir bor norozilik namoyishlari toʻlqini avj oldi va mamlakat poytaxti Nyu-Dehli jiddiy siyosiy taranglik oʻchogʻiga aylandi. Ushbu namoyishlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida «Suvaraklar xalq partiyasi» (CJP) namoyon boʻlmoqda. Joriy yil yozida taʼlim vazirini isteʼfoga chiqarishga erishgan bu guruh endilikda saylov komissiyasi rahbarining isteʼfosini qatʼiy talab qilib chiqdi va poytaxt koʻchalarida tartibsizliklar keltirib chiqardi.
Oʻtgan hafta oxiridan beri davom etayotgan yoshlar harakatining noroziliklarini bostirish maqsadida Hindiston poytaxtiga 35 ming nafardan ortiq politsiyachi safarbar etildi. Yangi noroziliklarga matbuotda saylov komissiyasi rahbarining ikki oʻrinbosari saylovchilar roʻyxatidagi oʻzgarishlar, roʻyxatdan oʻtkazish tartiblari va raqamli tizimlar yuzasidan jiddiy xavotirlar bildirgani haqidagi xabarlar sabab boʻldi. Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yildan beri amalga oshirilayotgan bahsli oʻzgartirishlar natijasida saylovchilar roʻyxatidan 130 milliondan ortiq ism chiqarib tashlangan boʻlib, bu Yaponiya aholisi sonidan ham ortiq deganidir.
Muxolifat doiralari va namoyishchilar ushbu oʻzgartirishlar musulmonlar hamda boshqa ozchilik guruhlariga nomutanosib darajada salbiy taʼsir koʻrsatayotganini daʼvo qilishmoqda. Ularning fikricha, bu toifadagi fuqarolar amaldagi hind millatchiligini qoʻllab-quvvatlovchi kuchlarga ovoz berish ehtimoli kamroq. Biroq, saylov komissiyasi va mamlakatda hukmron boʻlgan «Bharatiya Janata Parti» bu ayblovlarni keskin rad etmoqda. Hukumat doiralari saylov komissiyasi rahbariga qarshi boshlangan hujumlar Narendra Modining 2024-yilgi saylovlardagi gʻalabasi qonuniyligini shubha ostiga qoʻyishga qaratilganini taʼkidlab, mazkur jarayonlarda tashqi kuchlar aralashuvi borligiga ishora qilmoqda.
Mazkur siyosiy jarayonlar fonida «Suvaraklar» harakatining talabini «Hindiston milliy kongressi» partiyasi va uning yetakchisi Rahul Gandi boshchiligidagi INDIA muxolifat alyansi ochiqchasiga qoʻllab-quvvatladi. Bu esa Hindistondagi siyosiy qarama-qarshiliklar yanada keskin tus olayotganidan dalolat beradi.
Source: kun.uz