Janubiy Afrika Respublikasida huquq-tartibot idoralari xodimlari mamlakat shimoli-sharqidagi cherkov binosida joylashgan shubhali noqonuniy reabilitatsiya markaziga reyd uyushtirdilar. Mazkur tadbir davomida dahshatli holat yuzaga chiqdi, ya'ni muassasada 200 nafarga yaqin inson g‘ayriinsoniy sharoitlarda saqlanayotgani aniqlandi. Ayrim mahbuslar zanjirlarga bog‘langan holda topilgani jamiyatda katta e'tiroz va xavotirlarni keltirib chiqardi.
Mahalliy hokimiyat vakillarining ta'kidlashicha, tekshiruv chog'ida inson sha'nini poymol qiluvchi qo'pol holatlar fosh etilgan. Ma'lum bo'lishicha, bemorlarning tanalari yaralar bilan qoplangan bo'lib, ularning ba'zilari bir-biriga zanjirband qilingan edi. Shuningdek, hibsga olinganlar orasida voyaga yetmagan shaxslar ham borligi aniqlangan; xususan, 16 yoshli qiz va 11 yoshli bola kattalar bilan bir xonada saqlangani ma'lum bo'ldi.
Mazkur muassasani boshqarib kelgan pastor va uning rafiqasi politsiya tomonidan hibsga olingan bo'lib, ularga nisbatan odam o'g'irlash ayblovi ilgari surildi. Biroq tergov jarayonida qo'shimcha ayblovlar ham e'lon qilinishi kutilmoqda. Qamoqqa olingan juftlik tekshiruv vaqtida markazda atigi 60 kishi borligini da'vo qilgan, biroq aslida bu ko'rsatkichdan uch barobar ko'p odam, jumladan 30 nafardan ortiq ayollar tiqilinch xonalarda saqlanayotgani ma'lum bo'lgan.
Mutaxassislarning fikricha, Janubiy Afrikada giyohvandlik muammosining keskinlashuvi fonida bunday noqonuniy reabilitatsiya markazlari so'nggi yillarda ko'payib ketgan. Ayni paytda mazkur muassasadan topilgan 14 nafar jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan, 132 nafari esa o'z oilalariga qaytarilgan. Jinoyatda gumon qilingan shaxslar dushanba kuni sud oldida javob berishi kutilmoqda.
Source: www.bbc.co.uk