Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Juma kuni bosib olingan G‘arbiy Sohil hududida zaytun yig‘ib yurgan falastinliklar hamda The Washington Post nashri uchun faoliyat olib borayotgan taniqli fotomuxbir isroillik ko‘chmanchilar tomonidan shafqatsizlarcha kaltaklandi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, tajovuzkorlar odamlarga hujum qilib, zaytun bog‘larini yoqib yuborgan va bu kabi holatlar mavsumiy qishloq xo‘jaligi yumushlari boshlanganidan beri muntazam tus olmoqda.

Hodisa oqibatida 64 yoshli amerikalik frilanser fotomuxbir Geydi Levin og‘ir tan jarohatlari olib, Ramalloh shahridagi shifoxonaga yotqizilgan. Uning tanasida ko‘plab jarohatlar borligi, hujum paytida uning jihozlari, jumladan kamera va telefonlari talon-toroj qilingani aytilmoqda. Guvohlarning iddao qilishicha, jurnalist ustida «PRESS» yozuvi bo‘lgan maxsus nimchani kiyib yurganiga qaramay, tajovuzkorlar unga tinimsiz zarbalar berishgan.

Shuningdek, voqea joyiga yetib kelgan Isroil rejimi harbiylari vaziyatni tinchlantirish o‘rniga falastinliklarga qarshi o‘qotar qurol va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgani ma'lum qilindi. Oqibatda bir falastinlik erkak oyog‘idan o‘q yeb, og‘ir ahvolda qolgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar hatto yaradorga yordam bermoqchi bo‘lgan shifokorlar va jurnalistlarga ham tahdid qilib, qurol o‘qtalgan.

The Washington Post nashrining ijrochi muharriri Mett Myurrey yuz bergan hodisani keskin qoralab, mas'ul idoralardan zudlik bilan puxta tergov o‘tkazishni talab qildi. Biroq, inson huquqlari tashkilotlarining ma'lumotlariga ko‘ra, Isroil rejimi kuchlari bu kabi qonunbuzarliklarga to‘sqinlik qilmayapti, aksincha, mahalliy aholiga bosim o‘tkazib, ularni o‘z yerlarini tark etishga majbur qilayotgan muhit yaratilmoqda.

Source: www.aljazeera.com