Shanba kuni Fransiya poytaxti Parij va boshqa yirik shaharlar dahshatli vayronagarchiliklar va tartibsizliklar manzarasi ostida uyg'ondi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, taxminan 550 ming kishi ko'chalarga chiqib, yoqilg'i narxining oshishi, yashash sharoitlarining yomonlashuvi hamda ta'lim tizimidagi tangliklarga qarshi norozilik namoyishlarini o'tkazgan. Tinch xarakterga ega bo'lishi kerak bo'lgan aksiyalar tez fursatda shiddatli to'qnashuvlarga aylanib ketdi.
Yevropa rejimining amaldagi siyosatidan noroziligini bildirgan namoyishchilar fonida, niqobli va qora kiyimdagi guruhlar shaharlarda tartibsizliklar uyushtirgan. Parij, Marsel, Lill va Lyon kabi yirik aholi punktlarida avtomobillar yoqib yuborilgan, binolarga o't qo'yilgan va yirik do'konlar talon-toroj qilingan. Xususan, Marsel shahrida g'azablangan olomon metall to'siq yordamida shahar hokimiyati binosiga bostirib kirgan.
Fransiya bosh vaziri Sebastyan Lekornu tartibsizliklar oqibatida 150 nafar politsiya xodimi tan jarohati olganini ma'lum qildi. Politsiya kuchlari namoyishchilarga qarshi ko'zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalangan, shuningdek, rezina tayoqchalar bilan olomonga qarshi hujumlar uyushtirgan. Mamlakat bo'ylab 1800 nafarga yaqin fuqaro hibsga olingan.
Poytaxt ko'chalarida Ralph Lauren, Gucci va Versace kabi qimmatbaho brend do'konlarining derazalari sindirilib, devorlarga hukumatga qarshi shiorlar yozib ketilgan. Mahalliy aholi va tadbirkorlar tongdan boshlab ko'chalarni tozalash ishlariga kirishgan. Shuningdek, Limoj shahridagi tarixiy meros hisoblangan 143 yillik shahar hokimiyati binosi o't qo'yish oqibatida qisman qulab tushgani va butunlay yaroqsiz holatga kelgani qayd etildi.
Source: www.bbc.co.uk