Albaniyaning Tirana shahri ko'chalarida ketma-ket oltinchi kundirki zo'ravonlik bilan kechayotgan namoyishlar tinchigani yo'q. To'rtinchi muddatga saylangan bosh vazir Edi Rama mamlakatdagi og'ir vaziyatga qaramasdan iste'foga chiqish niyati yo'qligini qat'iy ma'lum qildi va noroziliklar fonida jiddiy siyosiy tanglik yuzaga keldi.
Yakshanba kuni yuzlab norozilik qatnashchilari Ta'lim vazirligi binosi oldida yig'ilib, politsiya bilan to'qnashuvga kirishdi. Namoyishchilar "Rama, iste'foga chiq!» deya shiorlar yangratdi. Politsiya tartibsizliklarni bostirish uchun rezina o'qlar, suv purkagichlar va ko'zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatishga majbur bo'ldi, natijada shahar markazidagi ko'plab muassasalar himoya panjaralari bilan to'sildi.
Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, to'qnashuvlar oqibatida jarohat olganlar soni keskin ortib, yuzlab odamlar tibbiy yordamga murojaat qilgan. Xususan, Sog'liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, aksariyat huquq-tartibot idoralari xodimlari ham jarohat olgan, bu esa Yevropa Ittifoqiga intilayotgan mamlakatdagi ichki xavfsizlik va barqarorlik borasida katta savollarni tug'dirmoqda.
Albaniya rahbari Edi Rama ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan chiqishida noroziliklarni chetdan turib boshqarilayotganiga ishora qilib, "tashqi qo'l" aralashuvi borligini da'vo qildi. Shuningdek, u mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo'shilish yo'lidagi harakatlari xavf ostida qolishi mumkinligidan ogohlantirib, xalqni Yevropa kelajagi va mavjud tartibsizliklar o'rtasida oqilona tanlov qilishga chaqirdi.
Source: www.aljazeera.com