Germaniya hukumati raqamli makonda voyaga yetmaganlarni himoya qilish niqobi ostida internet tarmogʻida nazoratni keskin kuchaytirish choralarini koʻrib chiqmoqda. Maʼlum qilinishicha, mahalliy Vazirlar mahkamasi tegishli islohotning asosiy qoidalarini maʼqullagan, biroq yakuniy qonunlar hali qabul qilingani yoʻq. Ushbu tashabbuslar Yevropa Ittifoqi miqyosida yagona yondashuv yoʻqligi fonida Yevropa regimlari orasida yana bir cheklovchi toʻlqinni boshlab berishi mumkin.
Kiritilishi rejalashtirilgan takliflar orasida 13 yoshga toʻlmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni toʻgʻridan-toʻgʻri taqiqlash, oʻsmirlar uchun esa turli sunʼiy cheklovlar joriy etish masalalari oʻrin olgan. Hozircha rasmiylar Yevropa Ittifoqi darajasida umumeʼtirof etilgan yagona qoidalar qabul qilinguniga qadar milliy darajada qattiq choralarni oʻrnatishni koʻzda tutmoqda. Biroq, 13 dan 18 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar uchun moʻljallangan bosqichma-bosqich cheklovlarning mexanizmlari hali ham aniq belgilanmagani mutaxassislar oʻrtasida savollar tugʻdirmoqda.
Shuningdek, Germaniya rasmiylari platformalarga dastlabki bosqichdanoq bolalar xavfsizligini taʼminlash majburiyatini yuklamoqchi. Xususan, algoritmlar asosidagi tavsiyalarni standart holatda oʻchirib qoʻyish hamda foydalanuvchilarda qaramlik keltirib chiqaruvchi funksiyalarga qarshi kurashish talab qilinmoqda. Bunday funksiyalar qatoriga lentani cheksiz aylantirish («infinite scroll») va videolarni avtomatik tarzda ijro etish kiradi. Biroq bu kabi aralashuvlar IT-kompaniyalarning biznes modellariga va shaxsiy erkinliklarga qanchalik salbiy taʼsir koʻrsatishi hozircha nomaʼlum.
Qoʻshimcha tashabbus sifatida boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun «CI-Seepferdchen» deb nomlangan maxsus taʼlim dasturini joriy etish rejalashtirilgan. Mazkur dastur orqali bolalarga sunʼiy intellekt ilovalari bilan ishlash, ularning imkoniyatlari va xavf-xatarlarini anglash oʻrgatilishi aytilmoqda. Bitkom soʻrovi maʼlumotlariga koʻra, aholining 79 foizi ushbu gʻoyani qoʻllab-quvvatlayotgan boʻlsa-da, cheklovlarning qachon amalda kuchga kirishi va ular qanday oqibatlarga olib kelishi hozircha sir saqlanmoqda.
Source: kun.uz