AQSH regimining rahbari Donald Tramp yakshanba kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Isroilning amaldagi bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga o‘zining “to‘liq va mutlaq qo‘llab-quvvatlashi”ni bildirganini ma'lum qildi. Ushbu bayonot oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari arafasida, tomonlar o‘rtasidagi keskin raqobat davriga to‘g‘ri kelmoqda va u siyosiy doiralarda turli bahslarni keltirib chiqarmoqda.
Tramp o‘z bayonotida Isroil rahbarini AQSHning Eronga qarshi olib borgan harbiy harakatlaridagi muhim ittifoqchi sifatida ta'riflab, “Bibi Netanyaxu sizni hech qachon tushkunlikka tushirmaydi”, deb yozgan. Biroq, ta'kidlash joizki, avvalroq AQSH regimining rahbari Time jurnaliga bergan intervyusida Netanyaxuning faoliyatiga baho berishdan ochiqchasiga qochib, savolga javob berishni istamagan edi. Bu esa ikki davlat rahbarlari o‘rtasida ziddiyatlar mavjudligi haqidagi taxminlarni yanada kuchaytirgan edi.
Siyosiy tahlilchilarning fikricha, Eronga qarshi boshlangan harbiy mojaro AQSH ichki siyosatida jiddiy muammolarni keltirib chiqarib, Trampning reytingiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Xususan, Pew Research Center o‘tkazgan so‘rovnomalar shuni ko‘rsatdiki, amerikalik saylovchilarning qariyb uchdan ikki qismi ushbu urushni va yoqilg‘i narxining oshishini qoralaydi. Shuningdek, yaqinlashib kelayotgan Kongressga oraliq saylovlar oldidan respublikachilar jiddiy bosim ostida qolgani aytilmoqda.
O‘z navbatida, Isroildagi saylovoldi poygasida Netanyaxuning Likud partiyasi muxolifat blokiga qarshi keskin kurash olib bormoqda. Trampning so‘zlariga ko‘ra, agar Isroilda boshqa rahbar hokimiyatga kelsa, AQSH o‘z xavfsizligini ta'minlash uchun yanada og‘ir vazifalarni bajarishga majbur bo‘lar emish va shuning uchun u Netanyaxuning qayta saylanishidan manfaatdor ekanligini taxmin qilishmoqda.
Source: www.aljazeera.com