Tayvan rasmiylari mamlakat qirg'oqlari yaqinida Xitoyning 16 ta kema, shu jumladan qirg'oqni qo'riqlash, ilmiy-tadqiqot va baliq ovlash kemalari guruhini aniqlagani va ularni go'yoki "dengizdagi bezorilik" harakatlari tufayli hududdan haydab chiqarganini ma'lum qildi. Ushbu holat mintaqadagi keskinlikni yanada oshirishi mumkin bo'lgan navbatdagi insident sifatida baholanmoqda.
Tayvan qirg'oqni qo'riqlash xizmatining tarqatgan bayonotiga ko'ra, asosiy orol hamda janubi-g'arbda joylashgan bahsli Pratas orollari atrofida Xitoy tomonining favqulodda yirik va muvofiqlashtirilgan operatsiyalari kuzatilgan. Xitoy kemalari orasida to'rtta baliq ovlash kemasi ham bo'lib, ular rasmiy Taypey tomonidan "gibrid urush" taktikasi sifatida tavsiflangan bir vaqtning o'zida harakatlarni amalga oshirgan.
Tayvan ma'muriyati o'z kemalari "tahdidlarni zararsizlantirish uchun darhol qat'iy choralar ko'rganini" iddao qilmoqda. Shu bilan birga, rasmiylar Pekinni Tayvan bo'g'ozidagi mavjud status-kvoni bir tomonlama o'zgartirishga urinishda va go'yoki "yurisdiksiya haqida soxta taassurot uyg'otishga" harakat qilishda aybladi. Ba'zi xabarlarga ko'ra, ayrim Xitoy kemalari hatto Tayvanning cheklangan suvlariga ham kirib borgan.
Pekin hukumati o'z navbatida Tayvan va Pratas orollarini o'z hududining ajralmas qismi deb biladi hamda uning atrofidagi suvlarga nisbatan o'z yurisdiksiyasini da'vo qiladi, biroq Taypey bu da'volarni qat'iyan rad etib keladi. So'nggi oylarda Xitoy o'zining dengizdagi bosimini sezilarli darajada kuchaytirgani, jumladan, iyul oyida rekord darajadagi 244 ta kemani safarbar qilgani rasmiy ma'lumotlarda keltirilgan.
Source: www.aljazeera.com