Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Germaniya sudlarida sunʼiy intellekt vositalari, jumladan, ChatGPT yordamida tayyorlangan hajmi o‘ta yirik daʼvo arizalari soni keskin oshib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Bild nashrining yozishicha, bu holat mamlakat sud tizimiga misli ko‘rilmagan darajada og‘ir yuklama keltirib chiqarmoqda va amaldagi byurokratik mexanizmlarni falaj qilish xavfini tug‘dirmoqda.

Maʼlum qilinishicha, sunʼiy intellekt oddiy fuqarolarga atigi bir necha soniya ichida minglab sahifadan iborat yuridik hujjatlarni yaratish imkonini bermoqda. Biroq, mutaxassislarning taʼkidlashicha, bunday avtomatlashtirilgan hujjatlarda ko‘pincha to‘qib chiqarilgan sud qarorlari, mavjud bo‘lmagan qonun moddalari va soxta huquqiy normalarga havolalar uchramoqda. Masalan, sudlardan biriga naq 4500 sahifalik daʼvo kelib tushgani qayd etilgan.

Bunday holat, ayniqsa, fuqarolar advokatsiz bevosita murojaat qilishlari mumkin bo‘lgan ijtimoiy sudlarda keskin muammolarni keltirib chiqarmoqda. Baden-Vyurtemberg federal yerida shoshilinch sud ishlari bir yil ichida 60 foizga, ijtimoiy nafaqalar bo‘yicha nizolar esa 80 foizga oshgani aytilmoqda. Shuningdek, Bavariyada ham nafaqalar bilan bog‘liq daʼvolar soni sezilarli darajada ko‘paygan.

Yevropa regchilarining taʼkidlashicha, sudyalar har bir shunday hajmli hujjatni, hatto undagi maʼlumotlarning katta qismi real ishga mutlaqo aloqador bo‘lmasa ham, to‘liq o‘rganib chiqishga majbur bo‘lmoqda. Sud tizimidagi bu kabi tanazzul fonida Germaniya Adliya vazirligi protsessual qonunchilikni isloh qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgani va sud hujjatlarining hajmi bo‘yicha yangi cheklovlar kiritishni rejalashtirayotgani xabar qilinmoqda.

Source: kun.uz