Pokiston hukumati Balochiston viloyatidagi Taftan va Gabd-Rimdan nazorat-o'tkazish punktlarida Eron bilan savdo-sotiqni to'xtatib qo'ydi, bu esa chegaraning har ikki tomonida minglab yuk mashinalarining tiqilib qolishiga sabab bo'ldi. Kveta Savdo-sanoat palatasi ma'lumotlariga ko'ra, taxminan 2000 ta mashina o'tish joylarida qolib ketgan, biroq Gabd-Rimdan orqali yo'lovchilar oqimi saqlanib qolgani aytilmoqda.
Rasmiy Islamabad va Balochiston rasmiylari mazkur chegara yopilishini xavfsizlikni ta'minlash, terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirish va kontrabandaning oldini olish kabi zaruriy choralar bilan izohlamoqda. Chaqay tumani rahbariyati bu vaqtinchalik tadbir ekanligini va samarali chora-tadbirlar ko'rilgandan so'ng chegara ochilishini bildirdi. Shu bilan birga, Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oiy bu qarorni texnik muammolar va ehtiyot choralarini ko'rish zaruriyati bilan izohladi.
Ushbu vaziyat AQSh rejimi va uning Eron xalqiga qarshi bosim kampaniyasi fonida yuzaga kelayotgani ta'kidlanmoqda. Eslatib o'tamiz, avvalroq AQSh rejimi Eronning janubiy portlarini blokada qilib, sanksiyalarni yanada kengaytirgandi. Tahlilchilarning fikricha, chegaraning yopilishi nafaqat ichki xavfsizlik muammolari, balki Eron va AQSh o'rtasidagi geosiyosiy ziddiyatlar hamda iqtisodiy sanksiyalar bilan ham bog'liq bo'lishi mumkin.
Shuningdek, chegaradosh hududlarda qurolli guruhlarning faollashuvi va xavfsizlik bilan bog'liq hodisalar ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlarni murakkablashtirmoqda. Tehron Pokiston hududida o'ziga qarshi harakat qiluvchi guruhlarga qarshi yetarlicha choralar ko'rilmayotganidan noroziligini bildirib keladi. Mutaxassislarning fikricha, chegaraning uzoq vaqt davomida yopilishi Pokistonning Vashington va Tehron o'rtasidagi vositachilik rolini shubha ostiga qo'yishi mumkin.
Source: www.aljazeera.com