️ Portugaliya futbol federatsiyasi (PFF) intizomiy kengashi tajribali hujumchi Krishtianu Ronalduni milliy jamoa qarorgohini oʻzboshimchalik bilan tark etgani uchun rasman jazoladi. Sportchi reglamentning 160-moddasi 1-bandiga muvofiq, bir martalik qasddan intizomiy huquqbuzarlik sodir etganlikda aybdor deb topildi va 30 kunga diskvalifikatsiya qilindi, shuningdek, 255 yevro miqdorida jarimaga tortildi.
️ Mojarroning kelib chiqishiga 30-sentabr kuni Kopenhagenda Daniya terma jamoasiga qarshi kechadigan oʻyin oldidan yuzaga kelgan ziddiyat sabab boʻlgani aytilmoqda. Maʼlum qilinishicha, jamoaning yangi bosh murabbiyi Jorje Jezush 41 yoshli hujumchiga asosiy tarkibdagi oʻrnini kafolatlamasligini ommaviy ravishda eʼlon qilgan, shundan soʻng Ronaldu yigʻinni tark etgan. Oradan koʻp oʻtmay, 6-oktabr kuni futbolchi oʻz harakatlarini tushuntirib, murabbiyni bergan vaʼdalarini buzganlikda ayblab chiqqan edi.
️ Qayd etilishicha, PFF intizomiy kengashi ishni zudlik bilan koʻrib chiqib, 9-oktabrda ish qoʻzgʻatgan va materiallarni tergov komissiyasiga topshirgan. Qizigʻi shundaki, qoʻllanilgan jazo kutilganidan ancha yumshoq boʻlib chiqdi. Meʼyoriy hujjatlarga koʻra, yigʻinlarni asossiz tark etganlik uchun bir oydan olti oygacha diskvalifikatsiya va 500 yevrodan 1000 yevrogacha jarima koʻzda tutilgan boʻlsa-da, kengash eng yengil sanksiyalar bilan cheklangan.
️ Mazkur 30 kunlik diskvalifikatsiya muddatining 30-sentabrdan boshlab hisoblanishi Krishtianu Ronalduga Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubidagi faoliyatiga toʻsqinlik qilmaydi. Shuningdek, bu muddat davomida Portugaliya terma jamoasining rasmiy oʻyinlari rejalashtirilmagani sababli, u milliy jamoaning birorta uchrashuvini oʻtkazib yubormaydi. Avvalroq bosh murabbiy Jezush futbolchining kelgusida terma jamoaga qaytish ehtimolini inkor etmagan edi.
Source: kun.uz