Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh Oliy sudi 2001-yil 11-sentyabr voqealari bo'yicha ayblanayotgan shaxslarning o'lim jazosidan qochishiga imkon beruvchi kelishuvlarni bekor qilish qaroriga nisbatan shikoyatlarni ko'rib chiqishdan bosh tortdi. Ushbu so'nggi huquqiy harakat natijasida uchta asosiy figuraning taqdiri yana xatf ostida qoldi va ular aybdor deb topilsa, o'lim jazosiga hukm qilinishi mumkin bo'ldi.

Gap AQSh rejimi tomonidan teraktlarni tashkil etgan deb topilayotgan Xolid Shayx Muhammad, shuningdek, Mustafo al-Xavsavi va Valid bin Attash haqida bormoqda. Eslatib o'tamiz, 2024-yilda ular o'lim jazosidan voz kechish evaziga o'z aybiga iqror bo'lishni nazarda tutuvchi kelishuvlarga erishgan edilar, biroq bu kelishuvlar uzoqqa cho'zilmadi.

2024-yil avgust oyida o'sha paytdagi AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin respublikachi qonunchilarning keskin tanqidiy munosabatidan so'ng ushbu bitimlarni bir tomonlama bekor qilgan edi. Shundan so'ng himoya tomoni vazirning bunday vakolatga ega emasligini da'vo qilib, qaror ustidan shikoyat kiritgan edi.

2025-yil iyul oyida apellyatsiya sudi Ostin o'z vakolatlari doirasida harakat qilgan degan xulosaga keldi. Ayblanuvchilar bu qarorni Oliy sud orqali o'zgartirmoqchi bo'lishdi, biroq so'nggi instansiya ularning shikoyatlarini qabul qilmadi va bitimlarning bekor qilinganini o'z kuchida qoldirdi.

Ushbu murakkab jarayon Kuba hududidagi Gvantanamo harbiy bazasida kechmoqda va u AQSh tarixidagi eng cho'zilib ketgan sud ishlaridan biri hisoblanadi. Jarayonning bunchalik cho'zilishiga Markaziy razvedka boshqarmasining maxfiy turmalarida qiynoqlarga solingan shaxslardan olingan dalillarning qonuniyligi yuzasidan tinimsiz bahslar sabab bo'lmoqda.

Ma'lum qilinishicha, mazkur ish bo'yicha sud jarayoni 2028-yil iyul oyiga belgilangan bo'lib, agar ayblov tasdiqlansa, Muhammad, al-Xavsavi va bin Attash oliy jazo – o'limga hukm qilinishi ehtimoli saqlanib qolmoqda.

Source: podrobno.uz