Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Nilufar Amanniyazova 12-mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Enter Engineering va unga aloqador 34 ta korxonadan 12,7 mingdan ortiq xodimning 450 mlrd so‘m ish haqi undirib berilganini ma’lum qildi. Bu mablag‘ ishchilarning 4-6 oylik maoshlarini tashkil etadi.
Jurnalistlar tadbirkor Baxtiyor Fozilovga tegishli Enter Engineering, Eriell va Saneg kabi kompaniyalarda ishchilarga oylab maoshlar berilmaslik muammosi 3-4 yildan buyon OAVda muntazam yoritilib kelinayotganini, ammo vazirlikning uzoq vaqt davomida hech qanday javob bermaganini ta’kidladi. Mart oyi boshida hukumat qarzlarni yopish uchun Fozilovning aktivlarini sotish rejasini e’lon qilgach, Mehnat inspeksiyasining faollashgani ham savol tug‘dirdi.
Vazirlik matbuot kotibi Gulnoza Alimova Mehnat inspeksiyasining sanab o‘tilgan tashkilotlar bo‘yicha bayonot berganini, ammo bu “negativ axborotlar” fonida jamoatchilik uchun kam bo‘lib tuyulishi mumkinligini aytdi. U vazirlikning rasmiy kanallari orqali munosabatlar, obyektlar soni va tekshirilish muddatlari bilan muntazam ma’lumot berilayotganini qo‘shimcha qildi.
Amanniyazovaning so‘zlariga ko‘ra, Enter Engineering kompaniyasida ish haqi qarzdorligi bo‘yicha tekshiruvlar ommaviy axborot vositalarida yoritilmasa ham muntazam o‘tkazilib kelinadi. 2025-yilda ham kompaniya ishchilari murojaatlari asosida tekshiruvlar o‘tkazilib, undiruv va ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rilgan. U undiruv har bir tashkilotning moliyaviy holatiga bog‘liq bo‘lishini, agar mablag‘lar mavjud bo‘lmasa, sudga da’vo arizalari kiritilishini qayd etdi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva Mehnat inspeksiyasining Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda fuqarolarning ish haqlarini undirish borasida “xavfni tahlil qilish” tizimi orqali o‘rganish ishlarini olib borayotganini aytdi. U inspeksiyaning hech qachon harakatsizlik qilmaganini, lekin to‘g‘ridan-to‘g‘ri borib, xohlagan tadbirkorni tekshira olmasligini, buning o‘z tartibi borligini ta’kidladi.
Enter Engineering, Eriell va Saneg (shuningdek, tadbirkor Baxtiyor Fozilovga aloqador bo‘lgan boshqa ko‘plab kompaniyalar) xodimlari ish haqi bir necha oylab kechiktirilayotgani haqida muntazam ravishda xabar berib keladi. Internetda ish haqi to‘lanishini talab qilayotgan ishchilarning foto va videolari bir necha bor tarqalgan. 2024-yil iyun oyida Gazeta xodimlarning bu kabi kechikishlar haqidagi hikoyalarini e’lon qilgandi.
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston hukumati 38,7 ming xodim oldidagi ish haqi bo‘yicha qarzlarni, shuningdek, budjet va banklar oldidagi majburiyatlarni to‘lash uchun Enter Engineering, Eriell va Saneg aktivlarini sotishni rejalashtirmoqda.
Source: www.gazeta.uz