O‘zbekiston Prezidenti 13-mart kuni qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni nazarda tutuvchi qarorni imzoladi. Hujjat agrosektorni rivojlantirish, “aqlli” xizmatlar tizimini yaratish va fermerlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishga qaratilgan. Qarorga ko‘ra, “Agrobank” o‘zgarishlarning asosiy drayveri etib belgilandi, unga 2026-yilgacha 25 trillion so‘m miqdorida qo‘shimcha resurslarni jalb qilish vazifasi yuklatildi.
Bankka 2026-yil yakuniga qadar mamlakatning har bir hududida agroxizmatlar zonalarini tashkil etish topshirildi. Ushbu zonalarda fermerlar agronomlardan bepul maslahat olishlari, tuproq tahlilini o‘tkazishlari, “in-vitro” ko‘chatlariga buyurtma berishlari va yangi texnologiyalarni o‘rganishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, “Agrobank” qishloq xo‘jaligi monitoring markazini tashkil etish orqali ekin maydonlarining holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (kosmik ma’lumotlar, meteorologik sharoitlar, o‘simliklar vegetatsiyasi) markazlashtirilgan holda tahlil qiladi, bu esa big data texnologiyasi va kosmik suratlardan foydalanishni o‘z ichiga oladi.
Qaror bilan “Agrobank” qishloq xo‘jaligi yer maydonlarining aerokosmik monitoringini kengaytirish maqsadida “O‘zbekkosmos” agentligi uchun uchuvchisiz uchish apparatlari xarid qilinishini moliyalashtiradi. Bundan tashqari, tomonlar sun’iy yo‘ldosh va dronlar yordamida olingan ma’lumotlar asosida paxta va g‘alla yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kreditlardan maqsadli foydalanishni monitoring qilish tizimini birgalikda joriy etadi. “Agrobank” zimmasiga yana bir vazifa sifatida qishloq xo‘jaligiga sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish belgilandi: Jizzax viloyatida bog‘dorchilik monitoringi, Sirdaryo viloyatida esa chorvachilik monitoringi bo‘yicha.
Agrokorxonalar uchun bank va davlat xizmatlarini sun’iy intellekt asosidagi yechimlar bilan birlashtirgan mobil ilova (SuperApp) ishlab chiqiladi. “Agrobank” tarkibida Agro Ventures shu’ba venchur kompaniyasi tashkil etiladi, uning shakllantirish uchun 73 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Kompaniya 2026−2027-yillarda 10 ta agrostartapni amalga oshirishda ko‘maklashish, dunyoning top 50 taligiga kiruvchi venchur fondlari bilan hamkorlik qilish va innovatsion g‘oyalar uchun hakatonlar o‘tkazish va grantlar ajratish vazifalarini bajaradi.
Qaror bilan uy xo‘jaliklari va dehqon xo‘jaliklarini kreditlashning yangi tartibi joriy etilmoqda. Ular anjir, xurmo, olma va nok yetishtirish uchun 24 oylik imtiyozli davr bilan 84 oy muddatga (7 yil) yillik 18 foiz stavkada kredit olishlari mumkin bo‘ladi. Hujjatda agrotexnologiyalarga o‘qitishni transformatsiya qilish ko‘zda tutilgan: “Fermerlar maktabi” onlayn o‘quv platformasida 40 dan ortiq yangi videodars va onlayn kurslar joylashtiriladi, har yili 15 ming fermer va dehqon xo‘jaliklarini o‘qitish rejalashtirilgan. “Suvchilar maktabi”da esa yiliga 10 mingta fermer xo‘jaligi suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llashni o‘rganadi. Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti Xitoyning yetakchi qishloq xo‘jaligi universitetlari bilan qo‘shma dasturlarni joriy qiladi. 2030-yilgacha “Agrobank” agrosektorda yuqori texnologiyalar va raqamli platformalarni joriy etish uchun har biri 2 milliard so‘mgacha bo‘lgan 10 ta grant ajratadi.
Source: www.gazeta.uz