O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari, kichik serjant Ilhom Salomov va III darajali serjant Turdimurod Avlayev, 16-18 mart kunlari AQShning Missisipi shtatidagi ‘Camp Shelby’ harbiy o‘quv bazasida bo‘lib o‘tgan ‘Eng yaxshi jangchi – 2026’ xalqaro harbiy musobaqasida ishtirok etishdi. Musobaqa xalqaro harbiy hamkorlikni mustahkamlash va maxsus bo‘linmalardagi xizmat obro‘sini oshirish maqsadida tashkil etilgan.
Musobaqa davomida ishtirokchilar 13 turli sinovdan o‘tishdi, jumladan, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha individual normalar (8 mashqni o‘z ichiga olgan fitnes-test), jismoniy va psixologik yuklamalarni engishga qaratilgan kompleks to‘siqlar yo‘lini bosib o‘tish, 15 kilometr masofada kechasi yo‘nalish topish, 20 kilogramm yuk bilan 20 kilometrlik marsh-bros, jangovar va umumiy tayyorgarlik bo‘yicha testlar, harbiy hamkorlik mavzusida kamida 500 so‘zdan iborat insho yozish, artilleriya o‘tini boshqarish, NATO standartidagi o‘qotar qurolni to‘liq bo‘lmagan tarzda ajratib yig‘ish va jangovar holatga keltirish, turli sharoitda otish, tibbiy yordam ko‘rsatish, tanish bo‘lmagan hududda vertolyot aviatsiyasini chaqirib, arqon yordamida ob’ektga tushish, shuningdek, kutilmagan vazifalarni bajarish.
O‘zbekiston harbiylari jamoaviy hisobda 20 kilogramm yuk bilan 20 kilometrlik marsh-brosni 1 soat 48 daqiqada bosib o‘tdi. III darajali serjant Turdimurod Avlayev kompleks to‘siqlar yo‘lini 10 daqiqa 34 soniyada, kichik serjant Ilhom Salomov esa 15 kilometrlik kechasi yo‘nalish topish vazifasini 59 daqiqada muvaffaqiyatli bajardi. Ushbu fanlar bo‘yicha musobaqa rekordlari yangilandi.
Musobaqa yakunida O‘zbekiston harbiylari maxsus mukofot bilan taqdirlandi. 2019-yildan buyon O‘zbekiston vakillari ushbu musobaqada muntazam ishtirok etib, ustunlik ko‘rsatmoqda va yetakchi o‘rinlarni egallamoqda. 22 mart kuni g‘oliblar Toshkent shahridagi Islom Karimov nomidagi Xalqaro aeroportda tantanali kutib olinadi.
Source: kun.uz