Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va avtomobillar oldi-sotdisini naqdsiz shaklga o‘tkazish iqtisodiyot va bank tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, xususan, kredit foiz stavkalarini pasaytirishi mumkinligi haqida iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov 27-mart kuni Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan media-muloqotda ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu sohada hozirda 99 foiz operatsiyalar naqd pulda amalga oshirilmoqda, bu esa kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini qisqartirish imkoniyatini cheklaydi.

Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikramovning ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda yiliga 5 million 400 ming atrofida notarial harakatlar amalga oshiriladi, shundan 320 mingtasi ko‘chmas mulk, 650 mingtasi avtomobil oldi-sotdisiga tegishli. Haydarov bu sohalarni naqdsizlashtirish orqali bank tizimiga katta miqdorda mablag‘lar kirishini misol qilib keltirdi: agar bir kunda 100 ta mashina sotilsa, bank tizimiga 20 mlrd so‘m, 1000 ta sotilsa 200 mlrd so‘m kiradi, bu yiliga 60-100 trln so‘mni tashkil etishi mumkin.

Vazir o‘rinbosari bu jarayon banklar o‘rtasida raqobatni kuchaytirishiga ishora qilib, banklar mijozlarni jalb qilish va bozorni egallash uchun kurashadi, bu esa kredit resurslarining arzonlashishiga olib keladi, deb ta’kidladi. U shuni qo‘shimcha qildiki, kuniga 20 mlrd so‘m bank hisoblarida qolsa, bu mablag‘lar kreditga berilganda iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tish kerakki, 2026-yil 1-apreldan boshlab ko‘chmas mulk va transport vositalari bilan bog‘liq bitimlar faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi, eskrou hisobvaraqlari joriy etiladi. Markaziy bank tomonidan belgilangan komissiyalar va bitim bekor qilinganda mablag‘larning xaridorga qaytarilishi tartibi ham e’lon qilindi.

Source: www.gazeta.uz